Nyu Yorkdagi LaGuardia xalqaro aeroportida 1-oktyabr kuni Delta Air Lines aviakompaniyasiga qarashli ikkita samolyot taksi yo‘lagida to‘qnashib ketdi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa samolyotlar sekin harakatlanayotgan paytda yuz bergan. 5155-reys qanoti 5047-reysning fyuzelyaj qismiga tegib ketgan.
Oqibatda bir nafar bort kuzatuvchi yengil jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan. 5155-reys bortida 32 kishi, 5047-reysda esa 61 kishi bo‘lgan.
Voqea guvohlari samolyot qanotining shikastlanganini videoga olgan. Unda uchuvchilardan biri yo‘lovchilarga murojaat qilib: “O‘ylashimcha, boshqa samolyot bizni urib yubordi”, — degani eshitiladi.
Hodisa sabablariga aniqlik kiritilmoqda. Yo‘lovchilar terminalga avtobuslarda olib ketilgan, ularga mehmonxonadan joy ajratilgan va boshqa reyslar orqali manzillariga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!