Hodisa, Jamiyat

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini yaxshilashga qaratilgan loyiha yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Eshituvda To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari Ekologiya bo‘limlari, Davlat ekologik ekspertizasi markazi Qoraqalpog‘iston filiali, “Suvta’minot” AJ va uning tuman filiallari, Mo‘ynoq tumani suv ta’minoti bo‘limi, mahalliy aholi, MFY raislari, loyihaga mas’ul “Nazar Business and Technology” MChJ hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Loyiha tafsilotlari

Mazkur loyiha Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida amalga oshirilmoqda. Rejaga ko‘ra, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarida:

97 km uzunlikdagi yangi suv quvurlari quriladi;

500 mm diametrli asosiy magistral quvurlar orqali suv yetkaziladi;

kuniga 250 ming m³ suvni taqsimlash imkonini beruvchi tizim barpo etiladi.

Shuningdek, Paxta-Arna kanalidan suv olish punkti rekonstruksiya qilinadi hamda Tuyamo‘yin suv tozalash inshooti modernizatsiya qilinadi. Ushbu inshoot kuniga 140 ming m³ suvni tozalash quvvatiga ega bo‘ladi.

Ekologik va ijtimoiy jihatlar

Jamoatchilik eshituvida loyiha ekologik va ijtimoiy talablar asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Qurilish jarayonida havo va suv ifloslanishini kamaytirish, shovqinni pasaytirish, chiqindilarni nazoratli yig‘ish va utilizatsiya qilish bo‘yicha aniq choralar belgilangan.

Shuningdek, eshituv davomida jamoatchilik vakillarining fikr va takliflari tinglandi.

Ma’lumot uchun

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi 257-son qarori, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida” va “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, Osiyo taraqqiyot bankining ekologik va ijtimoiy siyosati me’zonlari asosida amalga oshirilmoqda.

Tashabbus aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish, sanitariya va sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda ekologik xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.