Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 1–2-oktyabr kunlari o‘tkazilgan “EXPOTRAVEL-2025” xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizning tarixiy merosi, turizm infratuzilmasi va sayyohlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar keng yoritildi. Milliy buklet va jurnallar taqdim qilindi, shuningdek, xorijiy turizm kompaniyalari bilan infoturlar tashkil etish va O‘zbekiston haqidagi videoroliklarni xalqaro OAVda muntazam yoritib borish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ko‘rgazma doirasida mehmonlarga o‘zbek palovi tayyorlanishi ko‘rsatildi, Milliy raqs ansambli chiqishlari esa tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, Ural savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat turizmi, biznes missiyalar va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Yekaterinburgdagi “Sinara sentr” saroyida O‘zbekiston mustaqilligining 34-yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda Turizm qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. Ural turizm assotsiatsiyasi prezidenti M. Malsevga “O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi turizm brendi elchisi” sertifikati topshirildi.
Ko‘rgazma yakunida ishtirokchilarga milliy suvenirlar hamda axborot materiallari tarqatildi va kelgusida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!