Moskvada o‘zbekistonlik ayol va uning turmush o‘rtog‘i firibgarlikda gumonlanmoqda. Ular kriptovalyuta birjasiga sarmoya kiritish bahonasida moskvaliklardan 100 million rubldan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda TASS agentligiga jabrlanuvchilarning advokati Said Yarahmedov ma’lum qildi.
Advokatning aytishicha, aldanib qolgan fuqarolar soni hamda o‘g‘irlangan pullar miqdori hozircha aniqlanmoqda va ikki baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.
“Biz huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Sherye Shoygu va uning turmush o‘rtog‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida ariza topshirdik. Ular jinoyat sodir etishdan avval familiyasini o‘zgartirgan”, — dedi Yarahmedov.
Ma’lum qilinishicha, 27 yoshli Sheryexon Usmonova o‘z pasportidagi ma’lumotlarini o‘zgartirib, Sherye Shoygu nomini olgan va o‘zini Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning jiyani sifatida tanishtirgan. U shu yo‘l bilan ishonchga kirib, sarmoya kiritish taklifi orqali fuqarolarning pullarini qo‘lga kiritgan.
“Hozircha yetkazilgan zarar 100 million rubl atrofida, biroq epizodlar soni va umumiy miqdor ikki baravar oshishi mumkin”, — deya ta’kidladi advokat.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!