Jahon

HAMAS G‘azoda urush tugaganini e’lon qildi

HAMAS G‘azoda urush tugaganini e’lon qildi

HAMAS harakati G‘azoda urush nihoyasiga yetganini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi harakat rahbari Xalil al-Hayaning so‘zlariga asoslanib xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh tuzilgan. Kelishuv doirasida Rafah chegara punkti har ikki yo‘nalishda to‘liq ochiladi, shuningdek, Isroil qamoqxonasidagi barcha falastinlik ayollar va bolalar ozod etiladi.

HAMAS, shuningdek, AQSH, vositachi bo‘lgan arab davlatlari va Turkiya tomonidan G‘azodagi urush yakunlangani borasida kafolat olganini ma’lum qilgan.

Ma’lumki, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush 2023-yil 7-oktyabrda boshlangan edi. O‘sha kuni HAMAS Isroil hududiga raketa zarbalari yo‘llagan va ko‘plab odamlarni garovga olgan. Bunga javoban Isroil G‘azo sektoriga quruqlikdan keng ko‘lamli hujum boshlagan.

O‘tgan vaqt davomida tomonlar o‘rtasida bir necha bor otashkesim e’lon qilingan, biroq urush to‘liq tugagani haqida ilk bor rasmiy bayonot berilmoqda.