O‘zbekiston turizm imkoniyatlarini Yevropada targ‘ib etish maqsadida Bolgariyaning Plovdiv va Xorvatiyaning Zagreb shaharlarida “O‘zbekiston — Buyuk Ipak yo‘li durdonasi” mavzusida turizm forumlari o‘tkazildi.

Tadbirda turizm sohasi mutaxassislari, sayyohlik agentliklari, mehmonxona biznesi vakillari, blogerlar, jurnalistlar hamda rasmiy doiralar ishtirok etdi. Forumda O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, zamonaviy infratuzilmalari va yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida taqdimotlar namoyish etildi.

Ishtirokchilarning e’tiborini Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi shaharlarning me’moriy obidalari hamda UNESCO merosiga kirgan qadimiy maskanlar tortdi.

Forum doirasida o‘tkazilgan “B2B” va “G2B” uchrashuvlarda O‘zbekiston va Yevropa turizm sohasi vakillari o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, qo‘shma loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

Tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbek milliy raqslari, kuy-qo‘shiqlari va taomlaridan iborat madaniy dastur taqdim etildi. Ushbu forum O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi turizm hamkorligini mustahkamlash hamda madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!