Jamiyat

O‘zbekistonda pulli yo‘llarda 150 km/soat tezlikka ruxsat beriladi

O‘zbekistonda pulli yo‘llarda 150 km/soat tezlikka ruxsat beriladi

Yangi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasida pulli yo‘llarga oid yangi qoidalar belgilanmoqda. Unga ko‘ra, pulli yo‘llarda harakat tezligini soatiga 150 km/soatgacha oshirishga ruxsat beriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 200 km masofa uchun to‘lov 100 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Pulli yo‘llar faqat mavjud bepul yo‘llarga muqobil sifatida quriladi.

Shuningdek, tez yordam, ichki ishlar va favqulodda xizmat avtomobillari bu yo‘llardan bepul foydalanadi.

Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huquqiy maslahatchisi Hasan Umarov ma’lum qildi.

“Agar siz 100–200 km masofaga yursangiz, yo‘lda ko‘plab radarlarga duch kelasiz. Har safar tezlikni oshirish uchun 200 ming so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu 200 km masofani pulli yo‘ldan bosib o‘tish esa, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 ming so‘mga tushadi”, — dedi Umarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon pulli yo‘llarini qurib foydalanishga topshirish muddati 5–6 yil etib begilangan.