Madaniyat

O‘zbekiston tashabbuslari IUCN Butunjahon kongressining yakuniy hujjatlariga kiritildi

O‘zbekiston tashabbuslari IUCN Butunjahon kongressining yakuniy hujjatlariga kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya 9–15-oktabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Butunjahon kongressida ishtirok etdi.

Mazkur kongress hukumatlar, ilmiy doiralar, yoshlar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillaridan iborat 10 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirdi. Ular tabiatni asrash va barqaror rivojlanish yo‘lida birgalikdagi harakatlarni muhokama qilib, inson va tabiat uyg‘unlikda rivojlanadigan kelajakni shakllantirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qildilar.

Kongress doirasida “Abu-Dabi harakatga chaqiruv deklaratsiyasi” (“Abu Dhabi Call to Action”) qabul qilindi. Ushbu hujjat mamlakatlarning sayyorani himoya qilish va bioxilma-xillikni saqlash borasidagi sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, delegatlar Razan Xalifa Al Muborakni IUCN prezidenti lavozimiga qayta sayladilar va Ittifoqning yangi rahbar organlarini shakllantirdilar.

Butunjahon kongressi doirasida ilk bor Mahalliy xalqlar va tabiat sammiti o‘tkazildi hamda tashkilotga 100 dan ortiq yangi a’zolar, jumladan, 6 ta davlat qabul qilindi. Yangi ilmiy hisobotlar — IUCN Qizil ro‘yxati (IUCN Red List of Threatened Species™), changlatuvchi organizmlar haqidagi ma’lumotlar va “World Heritage Outlook” taqdim etildi. Tadbir ISO 20121:2024 xalqaro standartiga muvofiq barqaror tashkil etilganligi uchun maxsus sertifikatga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonning faol ishtiroki va tashabbuslari

Assambleya yakunida 150 dan ortiq qaror (motion) qabul qilindi, shundan yettitasi O‘zbekiston ishtirokida ishlab chiqildi. Ular ekologik jinoyatlarga qarshi kurash, yovvoyi hayvonlar savdosini cheklash, “Yagona salomatlik” konsepsiyasini ilgari surish va qo‘riqlanadigan hududlarning “Yashil ro‘yxati” tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan asosiy hujjatlar quyidagilar:

  • “Advancing the IUCN Green List of protected and conserved areas” – “Yashil ro‘yxat” tizimini takomillashtirish;
  • “Crimes that Affect the Environment” (CAE) – ekologik jinoyatlarga qarshi kurashish;
  • “Addressing wildlife trafficking and the management of seized or confiscated live wild animals” – yovvoyi hayvonlar savdosiga qarshi kurash;
  • “Advancing the One Health approach for biodiversity, health and global cooperation” – “Yagona salomatlik” yondashuvini rivojlantirish;
  • “Implementation of the One Health approach, from global to local” – “Yagona salomatlik” konsepsiyasini mahalliy darajada tatbiq etish;
  • “Development of IUCN guidelines to effectively control the commercial pet trade in terrestrial wildlife” – yovvoyi hayvonlarning tijoriy uy hayvoni sifatidagi savdosini nazorat qilish;
  • “IUCN Red List solvency and private-sector initiatives” – Qizil ro‘yxatning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiy sektorni tabiatni muhofaza qilish jarayonlariga jalb etish.

O‘zbekiston vakilining xalqaro e’tirofi

Kongress doirasida Ekologiya vazirligi inspektori Lazizbek Hasanov mamlakatning tabiiy hududlarini himoya qilish va bioxilma-xillikni saqlashga qo‘shgan hissasi uchun “International Ranger Award” (Xalqaro reynjer mukofoti) bilan taqdirlandi.