Bugun, 21-oktyabr kuni, Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da mehmondo‘stlik va restoran biznesiga bag‘ishlangan “HoReCa Expo Uzbekistan 2025” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi boshlandi.
Tadbirda mehmonxona va restoran sanoati vakillari, dizaynerlar, arxitektorlar, investorlar hamda turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma sohaning raqamlashtirish, barqaror rivojlanish, franshiza tizimlari va gastronomik turizm kabi yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar va rasmiylar stendlar bilan tanishdilar. Bu yilgi ko‘rgazmada 100 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulot va yechimlarini namoyish qilmoqda. Ular orasida uskunalar, IT-texnologiyalar va innovatsion gastronomik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari ham bor.
Tadbir doirasida “Xizmat va qulaylikka investitsiyalar: HoReCa uchun biznes yechimlari” xalqaro konferensiyasi ham o‘tmoqda. Unda mehmonxonalar arxitekturasi, dizaynning kelajagi, raqamli yechimlar va gastronomiya orqali turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
22-oktyabr kuni esa “Gastro Forum 2025” gastronomiya forumi o‘tkaziladi. Unda ikki Michelin yulduziga ega fransuz oshpazi ishtirok etib, xizmat ko‘rsatishning jahon standartlariga erishish tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Ko‘rgazma doirasida yosh mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etilgan bo‘lib, Hilton, Hyatt, InterContinental, Accor, JW Marriott kabi xalqaro tarmoqlar ishtirok etmoqda.
“HoReCa Expo Uzbekistan 2025” O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi va O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!