Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutash nuqtasi bo‘yicha shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qullab, uni Senatga yubordi.
Mazkur shartnoma 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda imzolangan edi. Hujjatga ko‘ra, uch davlat chegaralari tutashgan nuqtaning joylashuvi hamda tutash nuqtadagi chegaralar chizig‘i aniq belgilandi. Muzokaralardan so‘ng prezidentlar masofadan turib, ushbu hududda ramziy ahamiyatga ega Do‘stlik stelasini ochib bergan edi.
28-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda qayd etilishicha, shartnoma uch qardosh mamlakat o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
“Bu borada uch mamlakat o‘rtasida chegara masalalarining hal etilishi — o‘zaro hurmat, suverenitet va tenglik tamoyillariga asoslangan ko‘p yillik mashaqqatli mehnat, samimiy muloqot va hamkorlik samarasidir. Shartnoma mintaqaning yanada yaqinlashuvida muhim ahamiyatga ega”, — deyiladi parlament quyi palatasi xabarida.
Shartnoma uch davlat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni jadallashtirish, chegaradosh hududlarda iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, chegaraoldi savdoni rivojlantirish, infratuzilmaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!