O‘zbekistonda 9 oylik hisobot davriga ko‘ra, o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida FHDY organlarida respublika bo‘yicha 664,6 mingta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan.
Shundan:
-
o‘g‘il bolalar — 343,6 ming (51,7 foiz);
-
qiz bolalar — 321 ming (48,3 foiz);
-
shahar joylarda — 319,3 ming (48 foiz);
-
qishloq joylarda — 345,3 ming (52 foiz) tug‘ilish qayd etilgan.
Shuningdek, mazkur davrda har mingta aholiga 23,5 ta tug‘ilish to‘g‘ri kelgan.
Aholi soni 38 milliondan oshdi
2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 million 69 ming nafardan oshgan, yillik o‘sish — 1,9 foizni tashkil etgan.
Yanvar–sentyabr oylarida mamlakatda 664,6 ming bola tug‘ilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023-yilning shu davriga nisbatan 52,3 ming nafarga, 2024-yilning 9 oyiga nisbatan esa 29,3 ming nafarga kam.
Aholining 19,4 million nafari shaharlarda, 18,7 million nafari qishloq joylarda yashamoqda.
Eng ko‘p aholi — Samarqandda
Hududlar kesimida aholi soni bo‘yicha Samarqand viloyati an’anaviy tarzda peshqadam — bu yerda 4,36 million kishi yashaydi.
Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati egallagan — 4,2 million aholi istiqomat qiladi.
Mamlakat miqyosida eng kam aholi Sirdaryo viloyatida — 942,6 ming kishi yashaydi.
2025-yil oktyabr boshida O‘zbekistonda har bir kvadrat kilometr maydonda o‘rtacha 84,8 kishi yashashi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 kishiga oshgan.
Nikohlar soni 15 yillik minimumda
To‘qqiz oy mobaynida respublika bo‘yicha 177 mingta nikoh qayd etilgan. Bu so‘nggi 15 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Solishtirish uchun: 2024-yilning yanvar–sentyabr oylarida 179,4 mingta nikoh ro‘yxatga olingan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!