Jamiyat

Aholi uchun xavfli bo‘lgan “zapravka”lar ko‘chiriladi

Aholi uchun xavfli bo‘lgan “zapravka”lar ko‘chiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan “Yonilg‘i quyish shoxobchalarida baxtsiz hodisalarni oldini olish va inson hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga muvofiq, 2026-yil 1-aprelgacha fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan, shuningdek, sanoat, yong‘in xavfsizligi va shaharsozlik normalariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi.

Bu jarayonni amalga oshirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ul etib belgilangan.

Loyihada belgilangan asosiy tartiblar:

  • Shoxobchalarni ko‘chirish yoki buzish bilan bog‘liq xarajatlar qonunchilikka muvofiq kompensatsiya qilinadi;
  • Ko‘chiriladigan shoxobchalar uchun yangi yer maydonlari infratuzilma bilan ta’minlangan hududlardan ajratiladi;
  • Agar shoxobchalar faoliyat turini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, belgilangan tartibda ruxsat beriladi;
  • Gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari xavfsiz joylarga ko‘chirilganda, mavjud tarmoqlarga ulanish uchun istisno tariqasida texnik shartlar beriladi;
  • Himoya zonalari atrofida yangi obyektlar qurilishi qat’iyan taqiqlanadi.

Xatlov natijalari:

2025-yil 19-iyuldagi hukumat farmoyishiga asosan tuzilgan ishchi guruh tomonidan mamlakat bo‘yicha barcha yonilg‘i quyish shoxobchalari to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

Natijada:

  • 6 196 ta shoxobchada 46 737 ta kamchilik aniqlangan;
  • 7 166 ta kamchilik joyida bartaraf etilgan;
  • 464 ta shoxobcha qo‘pol qonunbuzarliklar sababli faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Hozirda ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, u fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlarning oldini olish hamda atmosfera muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan.