Ijtimoiy tarmoqlarda malaka-sinov (attestatsiya) jarayonlari bo‘yicha turli fikr va bahslar paydo bo‘lgani munosabati bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar test jarayoni davomida platformadan chiqmagan holda tegishli savol bo‘yicha e’tiroz yozib qoldirish imkoniga ega. Shuningdek, natijalar e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy sahifasi orqali yoki yozma ravishda apellyatsiya murojaati yuborish mumkin.
Vazirlik har bir e’tiroz va test topshirig‘i bo‘yicha asosli izoh berishga tayyorligini bildirgan. Shu bilan birga, pedagoglar (71) 207-79-79 telefon raqami orqali qo‘shimcha ma’lumot olishlari mumkin.
Aytishlaricha, ayrim shaxslar attestatsiya jarayonidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga urinishgan. Xususan, yetarli ball to‘play olmagan pedagoglardan “advokat xizmati uchun 100 million so‘m” talab qilish, “attestatsiyadan o‘tkazib qo‘yish” kabi asossiz takliflar bilan chiqish holatlari kuzatilgan. Shuningdek, ayrim test savollarini mazmunini o‘zgartirgan holda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish holatlari ham qayd etilgan.
Vazirlik bu holatlar bo‘yicha tegishli idoralar bilan hamkorlikda chora ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, har bir pedagogning murojaati ko‘rib chiqiladi, zarurat tug‘ilganda izoh beriladi. Agar pedagog izohdan qoniqmasa, u holda sud tartibida murojaat qilish huquqi saqlanadi.
Shuningdek, vazirlik ommaviy axborot vositalari bilan ochiq hamkorlik qilishga tayyor ekanini, yaqin vaqt ichida matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!