AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuela bilan munosabatlarga oid keskin bayonot berdi. U mamlakat rahbari Nikolas Maduroning “sanoqli kunlari qoldi” deya ta’kidladi, biroq Qo‘shma Shtatlar Venesuela bilan urush boshlamasligini bildirdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Tramp bu fikrlarni 2-noyabr kuni efirga uzatilgan CBS telekanalidagi intervyusida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH so‘nggi haftalarda Karib dengizi hududida harbiy kuchlarini to‘plamoqda va giyohvand moddalar tashish bilan gumonlangan kemalarga bir necha marotaba zarba bergan.
“Venesuela bilan urush boshlanadimi?” degan savolga Tramp:
«Yo‘q, shubham bor. Menimcha, unday bo‘lmaydi», — deya javob bergan.
Ammo “Maduroning prezidentlik davri yakuniga yetayaptimi?” degan savolga esa:
«Ha, shunday deb o‘ylayman. Uning sanoqli kunlari qoldi», — degan.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro esa o‘z navbatida AQSHni “hokimiyatni ag‘darish” niqobi ostida mamlakatning neft boyliklarini egallashga urinishda aybladi. U Vashington tomonidan ilgari surilgan giyohvandlik savdosiga oid ayblovlarni siyosiy bosim sifatida baholadi.
So‘nggi oylarda Karib dengizi va Tinch okeani hududlarida AQSHning qayiqlarga yo‘naltirgan 15 dan ortiq zarbalari oqibatida kamida 65 kishi halok bo‘lgan. So‘nggi hujum 1-noyabr kuni amalga oshirilgan bo‘lib, mintaqadagi bir necha davlatlar bu operatsiyalarni tanqid qilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!