O‘zbekiston

MHTI maktab o‘quvchilari uchun turistik paket konsepsiyasini ishlab chiqmoqda

MHTI maktab o‘quvchilari uchun turistik paket konsepsiyasini ishlab chiqmoqda

Surxondaryo viloyati o‘ziga xos turistik salohiyatiga ega. Bu hududda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm manzillari mavjud. Jumladan, Neandertal bola qoldiqlari topilgan Teshiktosh g‘ori, Zarautsoy qoyatosh suratlari, Xatak g‘ori, Markaziy Osiyoda yagona Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa, Zurmala buddaviylik ibodatxonalari qoldiqlari, qadimgi Kushon imperiyasi tarkibiga kirgan, hozirgi O‘zbekiston hududidagi ilk davlatlar (Tohariston, Chag‘aniyon), islom madaniyatining buyuk namoyondalari Abu Iso at-Termiziy hamda Al-Hakim at-Termiziy maqbaralari Markaziy Osiyoning sivilizatsiya markazi sifatida ma’lumu mashhur.

Davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Boysundagi “Boybuloq”, “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, Uzundara qal’asini ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish kerakligi, Sheroboddagi “Xatak” g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi jalb etilishi ta’kidlangan edi.

Ayni shu talablardan kelib chiqib, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan o‘rta maktab o‘quvchilarining Surxondaryo viloyatida joylashgan qadimgi dunyo tarixiga oid obidalarga sayohatini ko‘zda tutuvchi turpaket konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Konsepsiya loyihasini amalga oshirish maktab o‘quvchilarining tarixni real voqelik asosida o‘rganishini ta’minlab, ularda fanga qiziqish va vatanparlik tuyg‘usining ortishiga hissa qo‘shadi. Shuningdek, bu viloyat iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, turistlar oqimi, ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi va aholi daromadlarining ortishiga xizmat qiladi.

Mazkur konsepsiyani ishlab chiqishdan maqsad, yosh avlodning o‘z tariximizni yanada mukammal bilishi va ularning qadim tariximizga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirishdir.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimiz maktablarida 2,5 million nafar atrofida o‘rta sinf o‘quvchisi ta’lim olmoqda. Mazkur o‘quvchilarning 5 foizi kuzgi va bahorgi ta’til vaqtlarida (10 kun) sayohatga chiqsa, bu 12 ming xorijlik mehmon yurtimizga tashrif buyurdi deganidir. Agar ota-onalarning farzandlari bilan birga sayohat qilishi inobatga olinsa, bu miqdor yanada ko‘payadi. Shuningdek, konsepsiyada qo‘shni respublikalar maktab o‘quvchilarini jalb etish yuzasidan ham tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.