Yangiliklar

2023-yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir boʻldi, oqibatda 2 080 nafar inson halok boʻlgan

2023-yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir boʻldi, oqibatda 2 080 nafar inson halok boʻlgan
Foto: Senat matbuot xizmati

Kuni kecha Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi, unda senatorlar, Qoʻmita huzuridagi Ekspert guruhi aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qoʻmita majlisida “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

2023-yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir etilib, ularda 2 080 nafar inson halok boʻlgan va 8 055 kishi jarohatlangan.

“Ushbu yoʻl-transport hodisalarining yuz berishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarlikni mensimasligi va amaldagi yoʻl harakati qoidalarini bilmasligi sabab boʻlmoqda. Qoʻmita majlisida muhokama qilingan ushbu Qonun aynan shu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish va yoʻl harakati qoidalarini tartibga solishga qaratilgan. Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga va Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi moddalar, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, Jinoyat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, yaʼni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon oʻtkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yoʻllarda toʻsiqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, muhokama qilinayotgan Qonun bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bogʻliq maʼlumotlarni ularni obroʻsizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmogʻida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

“Majlisda mazkur norma aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgani qayd etilib, bu borada IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetning kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilari hamda qonun tashabbuskorlari – IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining rahbar xodimlarining fikrlari tinglandi.

Maʼlumotlarga koʻra 2022 va 2023-yillarda oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan yoʻl patrul xizmati xodimlari 253-marta fuqarolar tomonidan foto va videotasvirlarga olinib, Internet tarmoqlariga tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining masʼul boshqarmalari tomonidan oʻrganib chiqilgan.

Oʻrganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yoʻl harakati qoidalarini oʻzlari buzgan boʻlsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga notoʻgʻri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga video joylashtirgan. Videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yoʻl harakati qoidalarini buzganligi uchun yoʻl patrul xizmati xodimlari tomonidan toʻxtatilganligi, qoidabuzarlik uchun maʼmuriy bayonnomalarni rasmiylashtirish jarayonini qarshilik koʻrsatib tasvirga olganligi, shundan soʻng notoʻgʻri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotganligi maʼlum boʻlmoqda”, — deb qoʻshimcha qilingan xabarda.

“Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obroʻsizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va javobgarlik belgilanmoqda. Qoʻmita Qonun boʻyicha mutaxassis va ekspertlar, jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda yana muhokamalar oʻtkazishni rejalashtirgan”, — deyiladi Senat matbuot xizmati bergan xabarda.