Yangiliklar

Payshanba kuni mamlakatni nam va sovuq havo massalari qamrab oladi

Payshanba kuni mamlakatni nam va sovuq havo massalari qamrab oladi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugun Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston hududidan iliq havo massalari kirib kelishi boshlanadi, deb xabar bermoqda Oʻzgidromet.

Maʼlum qilinishicha, respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi +9…+12 daraja iliqqacha isiydi. 23-24-yanvar kunlari iliq havo kirib kelishi davom etadi, respublika hududining katta qismida quyoshli va ochiq havo kuzatiladi.

24-yanvarda respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga Volga boʻyi hududlaridan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Respublika hududining katta qismida 23-24-yanvar kunlari harorat kechalari +2…+5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +12…+15 daraja iliqqacha koʻtariladi, shimoliy hududlarda esa 24-yanvarda kunduzgi harorat -2…-7 daraja sovuqqacha pasayadi.

25-yanvarda nam va sovuq havo massalari mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi, respublika boʻyicha yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Harorat kunduzi +4…+9 daraja iliqqacha pasayadi, shimoliy hududlarda kechasi -6…-11 daraja sovuqni tashkil etadi, kunduzi -2…-7 daraja sovuqdan oshmaydi.

26-yanvarda respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik boʻlishi ehtimoli saqlanib turadi, shimoli-gʻarbiy hududlarda esa yogʻingarchilik toʻxtaydi. Harorat kechasi -2 daraja sovuq, +3 daraja iliq, kunduzi +3…+8 daraja iliq, shimolda kechasi -6…-11 daraja sovuq, kunduzi 0…-5 daraja sovuq atrofida boʻladi.

Poytaxtda bugun quyoshli va ochiq havo boʻlishi kuzatiladi. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol 3-8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kunduzi +10…+12 daraja iliqni tashkil etadi.

23-24-yanvar kunlari poytaxtda yogʻingarchilik kutilmaydi. Ertaga kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol tezligi 3-8 m/s boʻladi. Havo harorati 23-yanvarda kechasi 0…+2 daraja iliq atrofida boʻladi, 24-yanvarda kechasi +3…+5 daraja iliqqacha koʻtariladi, kunduzi 23-24-yanvarda harorat +12…+14 daraja iliq atrofida boʻladi.

25-yanvarda poytaxtda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +5…+7 daraja iliqqacha koʻtariladi, kunduzi +7…+9 daraja iliqqacha pasayadi.