Yangiliklar

Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar boʻyicha axborot berildi

Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar boʻyicha axborot berildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida erishilgan natijalar va xalqaro musobaqalarga koʻrilayotgan tayyorgarlik boʻyicha axborot berildi.

Mamlakatda sport ancha ommalashgan, yoshlar sportsevar. Davlat rahbari gʻoyasi bilan tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” jismoniy madaniyatni yanada keng yoyishga xizmat qilmoqda. Oʻtgan yili mazkur olimpiada doirasidagi musobaqalarida 6 million 400 ming nafar yoshlar qamrab olindi. Sport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan, olis va chekka hududlardagi mahallalarda 449 ta namunaviy sport maydonchasi barpo etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Besh bosqichli ommaviy musobaqalarda qariyb 12 ming nafar iqtidorli yoshlar tanlab olinib, sport maktablariga yoʻnaltirildi. Sohadagi har bir maktab muayyan sport turlariga ixtisoslashtirilib, yangi inventar va anjomlar bilan taʼminlandi. Bularning natijasida milliy terma jamoalarga sportchi yetkazib berish koʻrsatkichi ham oshmoqda. Professional sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash boʻyicha ham zarur choralar koʻrilmoqda. Ayni kunlarda Janubiy Koreyada oʻtayotgan oʻsmirlar oʻrtasida IV qishki olimpiya oʻyinlarida togʻ changʻisi boʻyicha sportchilarimiz ishtirok etmoqda.

Maʼlumki, bu yil Parij shahrida toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi – yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Hozirga qadar atletlarimiz ularga, mos ravishda, 17 ta va 34 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritgan. Sportchilarimizning yana yoʻllanmalar olishi va musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 2025-yilda Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan yoshlar oʻrtasida Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga ham tayyorgarlik koʻrilmoqda. Olimpiya shaharchasi qurilishi jadal davom etmoqda.

Joriy yilda ijtimoiy dasturlar doirasida 42 ta sport inshooti qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. “Besh tashabbus olimpiadasi” qamrovini yanada kengaytirgan holda, ishtirokchilar sonini 7 millionga yetkazish moʻljallangan. Sport maktablarida qoʻshimcha mingdan ortiq guruhlar ochish koʻzda tutilgan. Davlat rahbari sport taʼlimini rivojlantirish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ilgʻor yondashuvlarni qoʻllash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.