Ilm-fan, Tahlil

“Avliyo Sergiy” – Insonlar uchun yashashni oʻrgatadigan asar 

“Avliyo Sergiy” – Insonlar uchun yashashni oʻrgatadigan asar 

Demokrat.uz nashri kitob mutolaasi targʻiboti yoʻlida “Mutolaa zavqi” loyihasini boshladi. Dastlabki kitob taqrizi — Lev Tolstoyning “Avliyo Sergiy” asari.

Odam uchun yashagan odam doim tirik… 

XIX asr rus adabiyotining ikki ustuni bor: Tolstoy va Dostoyevskiy. Bu insonlarsiz rus adabiyotini tasavvur qilish qiyin.

Dostoyevskiy kambagʻallar hayotini oʻz chizgilarida aks ettirsa, Tolstoyning qahramonlari aristokrat qatlam boʻlib, barchasi oʻziga toʻq kiborlardan va shu kibor jamiyatning chirkinliklaridan bezgan kishilardir. Yozuvchilarning oʻrtasidagi bu tafovutning sababi har ikki ijodkorning biografiyasiga borib taqaladi. Dostoyevskiy kambagʻallikda hayot kechirgan boʻlsa, Tolstoy boy muhitda umrguzaronlik qilgan. Bu, albatta, ijodkorlarning ijodiga taʼsir oʻtkazmay qolmaydi. “Anna Karenina” deysizmi, “Urush va tinchlik” deysizmi barchasida yuqori tabaqadagi insonlar va ularning kechmishlari qalamga olingan. Shular qatori “Avliyo Sergey” asarining bosh qahramoni Stepan Kasaskiy ham oʻziga toʻq, obroʻli, kelajagi porloq leyb-eskador komandiri edi.

U toʻsatdan barchasini tashlab rohiblikni ixtiyor etganiga koʻplar hayron qolib, yoqa ushlaydilar. Aslida buning sababi shu ediki, yigitning sevgan qizi oʻzgasining maʼshuqasi boʻlganini bilib qoladi. Hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaganidek, Kasaskiy bu yoʻlni ham sababsiz tanlamagandi. U yolgʻondan, xiyonatdan bezib, faqatgina Xudo uchun yashamoqlikka ahd qilgandi. Oʻzi hurmat qilgan, ixlos qoʻygan, farishta deb oʻylaganlarining unga nisbatan qilgan ikkiyuzlamachiliklariga javoban “ZARDA” qilib Xudo tomon boʻlgan yoʻlni tanladi va yolgʻonchilardan yuqoriroqda yashashni istadi.

Ammo bu qarorga kelgan on bir narsani hisobga olmadi: Kasaskiy yoʻlga chiqish uchun ruhan tayyormidi? Shu savolni oʻziga bermadi. Jahl ustida qabul qilingan qarorni toʻla amalga oshirolarmikan?

U dastlab buni yaxshi uddalay oldi. Hirsni yengdi, nafsni tiydi. Tarixdagi koʻplab avliyolar singari axloqsiz ayolni rohibaga aylanishiga sababchi boʻldi. Xalq uni eʼtirof etdi, farishta darajasida koʻrdi. Hatto “Avliyo Sergey” nomini berdi. Lekin nima boʻlganda ham u inson edi! U Avliyo Sergey emas, Kasaskiy edi! Insonda esa nafs, hirs bor. Shu sababdan ham inson farishta boʻlolmaydi.

Sergey otani xalq koʻkka koʻtargani sari u beixtiyor kibrlana boshladi. Kibr ham insonga xos xislat. Avliyo Sergey kibr bilan ham, hirs bilan ham, ishonchsizlik bilan ham mardonovor kurashdi. Biroq alaloqibat insonligiga bordi. Yutqazdi! Yana Kasaskiyga aylandi. Xudo yoʻq ekan degan xulosaga keldi va eʼtiqodsizlikka yuz burgan payt unga Yaratgandan ishora keldi. Bolalikdagi oʻrtogʻi Pashenkani uchratib qoldi va ayolning qilgan baʼzi amallarini koʻrib oʻziga butkul xulosa chiqardi.

Bir zumda dinga, Xudoga boʻlgan ishonchi oʻziga qaytdi. Asar soʻngida uning yoshligidagi doʻsti Pashenka sabab anglab yetgan xulosasi shu boʻldi: Avliyo Sergay shu vaqtgacha Yaratgan uchun yashayapman deb, oʻziga taskin berib kelibdi. Aslida umri odamlarga sarf boʻlibdi. Doʻsti Pashenka esa odamlar uchun, odamlarga yaxshilik qilish uchun yashayotgandi, ammo amallarining ajri Xudo yoʻliga yozilayotgandi. Inson eʼtiqodga mukkasidan ketishi shartmas, shunchaki Yaratganga muhabbat uning yuragida boʻlsin. Shu muhabbat bilan insonlarga qilgan yaxshiligi Xudo uchun qilingan yaxshilik boʻladi. Odam qanchalik oddiy hayot tarzida yashasa, shunchalik hokisor boʻladi, shunchalik kibrga berilmasdan, gunohdan asraladi.

Bu asarda bosh qahramon qismati orqali oʻz ichki mayllarini yenga olmaslik, imkoniyatlariga ortiqcha baho berish, hayot zarbalariga qasdma-qasd unga qarshi zarba berishga urinish odamni qay koʻyga solishi oʻz badiiy ifodasini topgan. Tolstoy bu asarni yozishni oʻylab yurgan chogʻ asar mazmunini Maksim Gorkiyga soʻzlab beradi. Gorkiy undan juda taʼsirlanganini, ifodasi sodda va goʻzal, biroq gʻoyasi dovdiratib qoʻyadigan darajadagi asar ekanini eʼtirof etadi.

Kasaskiyning taqdirini German Gessening “Sidxartha” asaridagi Sidxarthaning oʻzi bilan taqqoslasak boʻladi. U ham har xil yoʻllardan yurib koʻradi, mashaqqatlar tortadi. Oxiri insonlarga yaxshilik qilish, hokisor boʻlib yashash hayotning mazmuni ekanligini, haqiqiy chin eʼtiqod qalbda boʻlishi lozimligini tushunib yetadi. Bizning Kasaskiy ham izlaganini Avliyo Serey boʻlib emas, balki oddiygina, darvesh Stepan Kasaskiy boʻlib topdi. Zero, odam uchun yashagan odam doim tirik…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.