Yangiliklar

Oʻzbekistonning ayrim hududlarida firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi

Oʻzbekistonning ayrim hududlarida firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi
Videodan skrin

Toshkent shahrida yashovchi, 1970-y.t. va Jizzax shahrida yashovchi, 1971-y.t. 2 nafar shaxs oʻzaro kelishgan holda, qurilish firmasi rahbariga, oʻzlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir tumanidagi 72,5 mlrd. soʻmlik ichimlik suvi tarmogʻini tortish loyihasini tender savdolarisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri olib berishni vaʼda qilib, evaziga obyekt qiymatining 6 foizini, yaʼni 4 mlrd. 350 mln. soʻm talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻidan 29 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur noqonuniy ishga Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida joylashgan, IIV huzuridagi 44-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumning aloqadorligi aniqlanib, yuqoridagi pul mablagʻidan 28500 AQSH dollarini olgan vaqtida u ham qoʻlga olindi.

Boshqa holatda esa Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanidagi bogʻdorchilik va polizchilikka ixtisoslashgan uyushma raisi hamda Davlat kadastrlar palatasi Uchkoʻprik tuman filialining sobiq mutaxassisi hisoblangan, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs oʻzaro kelishgan holda, mazkur uyushma balansidagi 10 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 12600 AQSH dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qarshi davlat universitetining yuriskonsulti Koson tumanida yashovchi, 1991-y.t. fuqaroning Qozogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalaridan birida oʻqiyotganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlar tayyorlab, oʻqishini Qarshi davlat universitetining tibbiyot fakultetiga koʻchirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qiladi.

Lekin, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Qarshi shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 8 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.