Yangiliklar

“Musallas mamlakati” – kommunistik partiya va uning fojiasini ochib beruvchi asar

“Musallas mamlakati” – kommunistik partiya va uning fojiasini ochib beruvchi asar

Demokrat.uz nashri kitob mutolaasi targʻiboti yoʻlida “Mutolaa zavqi” loyihasini davom ettirmoqda. Navbatdagi kitob taqrizi — Mo Yanning “Musallas mamlakati” asari haqida.

Bundan bir necha yil avval Xitoy yozuvchisi Mo Yanning Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan “Musallas mamlakati” nomli asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi va kitobxonlar nazariga tushdi. Asar haqida fikr yuritishdan oldin, o‘zbek kitobxoni xulosasini ko‘rib chiqsak.

Ko‘pgina mulohazalarda ushbu kitob bilan tanishib chiqqanlar asar haqida iliq fikrlar bergan yoki uning syujeti haqidagina yozishgan, xolos. Bu nimadan dalolat beradi? Nobel mukofotini olgan asar deya uni ko‘klarga ko‘tarish qanchalik to‘g‘ri? Ushbu mukofot ayni kunlarda haqiqatan ijodiy topilma uchun berilyaptimi yoki manfaatli mafkuralarga xizmat qilyaptimi?! Asarning tahlili davomida esa bir xulosaga kelamiz. Agar yozuvchi siyosiy maqsadi uchun taqdirlansa, bu uning adabiy yutug‘i emas!

Strukturasiga ko‘ra adabiy asar ikki tomonli: oldingi qismi – biz hissiy idrok etadigan predmetlilik (shakl), orqa plani – mohiyati, ijodkor aytmoqchi bo‘lgan mazmundir. Shakl va mazmun munosabati haqida so‘z borganda shaklning ahamiyatsizlantirilishi badiiy adabiyotning san’at hodisasi emas, balki mafkura quroli bo‘lib qolishiga olib keladi. “Musallas mamlakati”da yozuvchi kommunistik partiya va uning fojiasi haqida ochib bermoqchi bo‘lgan bo‘lsa-da, asardagi shakl o‘quvchini umuman boshqa tomonlarga yetaklaydi.

Bolalarning pishirib yeyilishi, ota-onalarning o‘z farzandlarini hech bir tashvishsiz (narx tashvishidan tashqari) xaridorlarga pullashi, insoniyatning faqat va faqat aysh-u ishratga to‘la jirkanch hayoti bu asarni o‘qiyotgan hozirgi o‘zbek kitobxoniga nechog‘lik tushunarli bo‘ldi ekan? Asarda yuqorida ko‘rsatilgan syujet nega olib kirildi o‘zi?

“Musallas mamlakati” Xitoy kommunistik partiyasini qora bo‘yoqlarda ko‘rsatuvchi asar sifatida qaraladi. Kommunistik jamiyatda inson faqat o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, mavjud mol-mulk va ne’matlardan istagancha foydalanishi mumkin va hokazolar. Bir qarashda bu jamiyat ezgulik, umuminsoniylikka asoslangandek ko‘rinsa-da, aslida esa xalqning milliy o‘zligini, har bir millatga xos bo‘lgan madaniy xususiyatlarini kamsitadi va ularning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.

Xitoyda Kommunistik partiya tuzilganda, cherkovlar qoshidagi maktablar tugatilib, ular o‘rnida “Kommunistik Partiya maktablari” tashkil etila boshlandi, avval, bolalar Xudoga sig‘inishgan bo‘lsa, endi partiyaga sig‘inishyapti demoqchi bo‘ladi ijodkor. Shu gaplarning tasdig‘i o‘laroq, Mo Yan asarda bolalarning hukumat kirdikorlari tomonidan yeyilishi syujetini keltiradi. Nega aynan bolalar? Nega u katta yoshli odamlarni obraz sifatida tanlamadi? Sabab aniq: bolalar jamiyatning bosh bo‘g‘ini, har qanday davlatning asosi ekan, agar ularni yeya olsa (bo‘ysintira olsa, mafkurasini singdira olsa) o‘zlari xohlagan ishchi, fikrlashdan yiroq “bajaruvchi” jamiyatga ega bo‘lish mumkin.

Asardagi musallas nimaning ramzi degan savol tug‘iladi? Nega ushbu ichimlikni bu mamlakatda hukumat tomonidan beriladi?  Musallas insonni mast qiluvchi, boshini aylantirib, fikrlashdan to‘sib qo‘yishini hisobga olsak, kommunistik mafkura g‘oyalari emasmikan, degan xulosaga kelinadi. “BBC Uzbek” sayti: “Xitoyda partiyaning yuqori lavozimidagi shaxslari har 3 yilda 3 oylik kurs o‘qib, kommunizmning so‘nggi g‘oyalaridan “bahra” oladi” deb yozadi. Musallas esa shu mafkuraning g‘oyalari ramzi demakdir.

Asar avvalida sog‘lom fikrli tergovchi obrazi mazkur qabihliklar, insoniylikka zid yuqori tabaqa vakillari ishlarini fosh qilishga bel bog‘laydi. Ammo asar davomida rahbar shaxslar bilan musallasxo‘rlikka sherik bo‘lgan bu shaxs ham botqoqqa asta-sekin bota boshlaydi. Qahramon shaxtadagi asosiy missiyasi nima ekanligini bora-bora yoddan chiqaradi. Tergovchi ham oqibatda o‘zining madaniyat haqidagi me’yoriy tushunchalarining bu yerda hech qanday ahamiyat kasb etmasligini, o‘zining tashrifi esa bema’ni hamda kulguli ekanligini anglay boshlaydi. Asar so‘ngida uning fojiali vafoti tasvirida yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan ma’no oydinlashadi.

“Men norozilik bildiraman!” – dedi tergovchi va guldor kema tomon intildi-yu, usti ochiq o‘raga tushib ketdi. Bu o‘rada butun shahar aholisining qusuqlari achib, bijg‘ib yotardi. Bir necha soniyalardan so‘ng, axlatlar uning og‘ziga suzib kirdi, barcha orzular, adolat, qadr-qimmat, nomus, muhabbat va ko‘plab tushunchalar tergovchi ortidan hojatxonaning eng tubiga cho‘kib ketdi”.

Ya’ni bu botqoqqa bir kirib qolgan shaxsni ham o‘z domiga tortib ketadi, sog‘lom fikrli shaxslar esa “Musallaslar mamlakati”da yashay olmaydi!!!

Xulosa qilib aytganda, har qanday jamiyatga, davlatga, davrga erkinlik, hurlik va soflik doimo kerak. Bularsiz hokimiyat uzoqqa bormaydi. Zulm, diktatura, adolatsizlik va talonchilik ustiga qurilgan davlat qulamay yoki o‘z ahamiyatini yo‘qotmay qolmaydi.

Shaxslar uchun esa qadr-qimmat, muhabbat, nomus singari qadriyatlar birlamchi ehtiyojlar hisoblanadi. Bu ehtiyojlar inson ruhini tutib turguvchi omillardir. Ruhsiz jismning hech qanday qiymati yo‘q…