Yangiliklar

Fargʻonada 43 ming dollar va 111 mln soʻm pora olgan shaxslar ushlandi

Fargʻonada 43 ming dollar va 111 mln soʻm pora olgan shaxslar ushlandi
Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuraturaning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan sohada qonuniylikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Fargʻona viloyatida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektining murojaati asosida Oʻrmon xoʻjaligi agentligi huzuridagi “Oʻrmonqurilish” DUK va Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazida tekshirish oʻtkazildi.

Tekshirishda ushbu tashkilotlarning mansabdor shaxslari oʻzaro jinoiy til biriktirib, tadbirkordan qurilish loyihalari boʻyicha pudrat shartnomalarini rasmiylashtirish evaziga tamagirlik yoʻli bilan juda koʻp miqdorni tashkil etuvchi 43 ming AQSH dollari va 111,5 mln. soʻm pul mablagʻlarini pora tariqasida qoʻlga kiritishgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishildi.

“Agarda Siz Oʻrmon xoʻjaligi agentligi huzuridagi “Oʻrmonqurilish” DUK va Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazidagi xodimlarning mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish va boshqa korrupsiyaviy qilmishlarda ifodalangan noqonuniy hatti-harakatlaridan jabr koʻrgan boʻlsangiz Bosh prokuraturaga murojaat qilishingizni soʻraymiz”, — deyiladi xabarda.