Oʻtgan yili 3412 ta jinoyat ishi doirasida 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdorlar soni 2022-yilga nisbatan 14,7 foizga oshgan. 2022-yilda respublika miqyosidagi 110 nafar amaldor jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 2 barobarga kamayib, 49 nafarni tashkil etgan.
Jinoiy javogarlikka tortilgan viloyat miqyosidagi mansabdorlar sonida deyarli oʻzgarish boʻlmagan: 2022-yilda 264 nafar, 2023-yilda 267 nafar. Jinoiy javobgarlikka tortilgan tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar 2022-yildagi 2742 nafardan 2023-yilda 3259 nafargacha yoki 19 foizga oshgan.

2023-yilda mansabdor shaxslar eng koʻp quyidagicha turdagi jinoyatlarni sodir etgan:
- oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish – 2205 nafar (2022-yilda 2103 nafar);
- mansab vakolatini suiisteʼmol qilish – 397 (265);
- firibgarlik – 272 (243);
- pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish – 195 (169);
- hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish – 30 (14);
- mansab soxtakorligi – 36 (51);
- mansabga sovuqqonlik bilan qarash – 25 (22);
- boshqa jinoyatlar – 415 (249).
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!