Yangiliklar

Buxoroda “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi

Buxoroda “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi
Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish, tarixiy meʼmorchilik anʼanalarini davom ettirish, yashil bogʻlar va saylgohlarni koʻpaytirish maqsadida koʻhna va hamisha navqiron Buxoro shahrida “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Mazkur parkning yaratilishidan koʻzlangan bosh maqsad qadim Buxoroning boy tarixi va madaniyatini, noyob moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash, uni yanada kengroq targʻib etish. Tarixiy-etnografik park hududidan Buxoro anʼanaviy meʼmorchiligi durdonalari va zamonaviy shaharsozlik uslublari uygʻunligini oʻzida ifoda etgan obyektlar, jumladan, etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos boʻlgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat koʻrsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar tamaddixonalari, anʼanaviy drenaj tizimlari – ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardoʻzlik, kashtachilik, yogʻoch oʻymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy sanʼat ustaxonalari oʻrin oladi. 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Majmua markazida, shuningdek, musiqali favvora ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Etnografik park barpo etilishida xalqaro ekspertlar guruhi va mahalliy mutaxassislar jalb etiladi. Bu hududdagi barcha ishlar YUNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972-yil 16-noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofazasi boʻyicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi. 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Taʼkidlash joizki, oʻtgan asrning 20-yillarida M.Frunze boshchiligidagi “qizil armiya” qoʻshinlarining hujumi oqibatida Buxoroning koʻplab, tarixiy obidalari vayron qilingan. Jumladan, shahardagi asrlar davomida xizmat qilib kelgan ariq va hovuzlar koʻmilib ketgani bu hududdagi drenaj tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Yangi etnografik park mazkur yoʻqotilgan madaniy boyligimizning namunalari sanalgan qadim drenaj tizimlarini qayta tiklash yoʻlidagi muhim qadam boʻlib qoladi. Qachonlardir tashlandiq holatda boʻlgan hudud oʻrnida goʻzal bir landshaft qad rostlaydi. 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Oʻz oʻrnida qayd etish kerakki, bu loyiha asosida moʻljallangan hududning uchdan ikki qismida Buxoro aholisi va mehmonlar sayr qilishi uchun muhtasham saylgoh (yashil bogʻ) bunyodga kelishi moʻljallangan. Bunda loyiha hududida “Yashil Buxoro” dasturiga muvofiq ilgari tashkil etilgan maydondagi daraxtlar va yashillik qiyofasi toʻliq saqlab qolinadi hamda yangi bogʻ manzarasi sifatida yanada boyitiladi”, – deyiladi xabarda.