Yangiliklar

“Maqsadimiz – maktab bitiruvchisi hech boʻlmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qoʻysin” — Shavkat Mirziyoyev

“Maqsadimiz – maktab bitiruvchisi hech boʻlmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qoʻysin” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda maktab taʼlimidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi. Oʻtgan yili Respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi. Shu bilan birga, oʻtgan hafta Loyiha ofisi tashkil qilindi va katta ilmiy-amaliy tajribasi bor va salohiyatli kadrlar jamlandi. 

Markaz va ofisga Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim vazirliklari bilan birgalikda:

maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash;

oʻquvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv metodikalarini ishlab chiqish topshirildi.

Bunda, tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), oʻquvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Joriy yilda Prezident maktablari taʼlim dasturi yana 1 mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga masʼul boʻladi.

Oʻtgan yili 500 ta “til egalari” ish boshlagani oʻz samarasini berayapti. Bu amaliyotni kengaytirish uchun “til egalari”ni barcha maktablarga jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.

Maktablarda oʻrgatish mumkin boʻlgan 50 ta kasb-hunar roʻyxati tuzilib, har biri boʻyicha oʻquv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi joriy etiladi.

Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻquvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy taʼlimga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar oʻtkaziladi, kasb toʻgaraklari tashkil etiladi.

Maktabdagi boʻsh joylar tadbirkorlarga oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitish uchun tekin foydalanishga beriladi. Ularga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar beriladi.

Oʻquv kursini tamomlab, imtihondan oʻtgan oʻquvchilarga malaka sertifikati beriladi.

“Maqsadimiz – maktab bitiruvchisi hech boʻlmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qoʻysin”, – dedi Prezident.