Yangiliklar

Vayronkor zilziladan keyingi bir yil – The New York Times tahlili

Vayronkor zilziladan keyingi bir yil – The New York Times tahlili

Falokatli zilziladan so‘ng, Turkiya hamon qayta qurish, omon qolganlarga yordam berish va aybdorlarni jazolash bilan shug‘ullanmoqda. 6-fevral kuni Turkiya janubidagi shaharlarda minglab odamlar zilzila tufayli vafot etganlarni xotirlash uchun yig‘ilishdi.

1 yil oldin 7,8 magnitudali zilzila yuz minglab binolarni vayron qilgan edi. Turkiya janubida 53 mingdan ortiq, Suriya shimolida esa 6 ming kishi halok bo‘lgan. O‘sha paytlarda tez yordam xizmati vayrona ostina qolganlarga yordam bera olmagani uchun aholi hukumatni xavfsiz qurilish standartlariga amal qilmaslikda ayblagandi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on falokatdan keyin bir yil ichida ko‘p sonli yangi uylar qurishga va’da berdi. Bu va’da qisman bajarildi. Qurilish ishlari nosozligi uchun esa mas’ullarning javobgarlikka tortilishi hamon davom etmoqda. Hukumat 637 000 dan ortiq birlikdan iborat 227 000 ta bino zilzila oqibatida jiddiy shikastlanganini aytdi. Hukumat esa bir yil ichida 319 ming yangi turar joy qurishga va’da bergan edi.

Shahar va atrof-muhit vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyining oxiriga kelib, atigi 46 000 ta yangi uy-joylar egalariga topshirilgan. Hukumat uy-joysiz qolgan aholiga ijara pulini to‘lab berdi va xonadonlar qurib berish loyihasini boshlagan. Ammo ularni yangi uylarga ko‘chirib o‘tkazish kechikmoqda. Buni zilzila sodir bo‘lgan hududlarda joylashgan “konteyner shaharlar”dan ham bilsa bo‘ladi.

Turkiya Adliya vazirining ma’lum qilishicha, hozirgacha sudlar 275 ta ish ko‘rib chiqdi, qolganlari esa tekshirilmoqda. 260 dan ortiq gumondor sudgacha hibsga olingan. Yaqinda bir qator ishlar bo‘yicha sud majlislari boshlangan. O‘tgan oy Adiyaman shahridagi Grand Isias mehmonxonasining qulashi bilan bog‘liq ishda ayblangan 11 ayblanuvchi ustidan sud boshlandi. 70 dan ortiq kishi, jumladan, bir guruh talaba voleybolchilar, ularning ota-onalari va murabbiylar halok bo‘ldi.

Yana bir sud Antakya shahrida yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan “Renaissance Residence” nomli uy-joy majmuasi qurilishida qoidalarni buzganlikda ayblangan sakkiz kishiga qarshi ishni ko‘rib chiqmoqda. Sud-tibbiy ekspertiza tahlili shuni ko‘rsatdiki, noto‘g‘ri dizayn, minimal nazorat va xavfsizlik tekshiruvlarining yetarli darajada o‘tkazilmaganligi halokatga olib kelgan.

Britaniyada yashovchi grafik dizayner Busra Yildiz bergan intervyusida onasi, buvisi va yana ikki qarindoshining zilzila oqibatida halok bo‘lganini aytdi. Yildiz xonim esa ushbu binoni qurgan shaxs jazolanishini ta’kidlab o‘tgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarga ko‘ra , eng ko‘p zarar ko‘rgan viloyatlardan biri bo‘lgan Xatayda odamlar viloyat hokimi va sog‘liqni saqlash vazirini qoralamoqda. Boshqa joylarda esa halok bo‘lganlarni xotirlash uchun Orontes daryosiga gullar tashladilar va namoyishchilar “Biz unutmaymiz! Biz kechirmaymiz!” deya baralla aytishdi.

Adolat va taraqqiyot partiyasidan Hataylik deputat Huseyin Yayman, aholining yordam berish uchun yetarlicha ish qilinmagani haqidagi fikriga javoban, bu tuyg‘u tabiiy ekanligini aytdi. “Bizga uylar, binolar va asosan, psixologlar kerak”, dedi u intervyusida. “Hammamiz og‘ir azobdamiz”. 53 mingdan ortig‘idan kishi vafot etgan, 134 nafari hamon bedarak yo‘qolgan, dedi u. 83 nafari uning viloyatidan.

Prezidentning ahvoli qanday?

“Biz uylarimizni vayron qilgan va yuragimizni kuydirgan falokatni boshdan kechirdik va u keltirgan og‘riqni umrimizning oxirigacha yonayotgan cho‘g‘dek ichimizda olib yuramiz”, dedi prezident Erdo‘g‘an 6-fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Erdo‘g‘an zilziladan jabr ko‘rgan shaharlarda 27 mingdan ortiq yangi uylarning kalitlarini topshirganini va yana 20 mingtasi tez orada tayyor bo‘lishini aytdi. “Bunday falokatga Turkiya kabi kuchli qarshi tura oladigan bir necha davlat va jamiyat bor”, dedi u. “Xudoga shukur, zilzilaning bir yilligida biz vayronalarni tozalab, shaharlarni rekonstruksiya qilishda sezilarli yutuqlarga erishdik, odamlar esa o‘z hayotlarini tiklamoqda”, deya ta’kidladi prezident.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Turkiyaga 170 tonna insonparvarlik yordami jo‘natgan edi.

Turkiyadagi zilzilalardan jabrlanganlarga hukumat, tadbirkorlar va O‘zbekiston aholisi tomonidan 170 tonna insonparvarlik yordami yig‘ib, ular 6 ta yuk samolyoti va 7 ta yuk mashinasida mamlakatning turli hududlariga yetkazgandi.

Turkiyaga yuborilgan insonparvarlik yordami 45 tonna dori-darmon va tibbiy buyumlar, 8 tonna oziq-ovqat, 90 tonna narsalar: kiyim-kechak, poyabzal, ko‘rpa-to‘shak, uyqu qopchiqlari, bolalar tagliklari va gigiyena vositalaridan iborat edi. Shuningdek, 130 ta generator, 700 ta elektr isitgich va boshqa zarur buyumlar ham yuborilgan.