Tahlil

“Qo‘l” – birovning halol oshiga cho‘ziladigan harom qo‘llar haqida hikoya

“Qo‘l” – birovning halol oshiga cho‘ziladigan harom qo‘llar haqida hikoya

Demokrat.uz nashri kitob mutolaasi targʻiboti yoʻlida “Mutolaa zavqi” loyihasini davom ettirmoqda. Navbatdagi kitob taqrizi — Nazar Eshonqulning “Qo‘l” asari haqida.

Tasavvur qiling, uyingizda bitta tekintamoq paydo bo‘ldi va u ikki-uch kishining ovqatini ko‘rdim demay paqqos tushiradi. Siz uni haydashga, bu borada biror chora ko‘rishga ojizsiz. Kundan kunga ro‘zg‘or tebratish mashaqqatga aylanib borayotganini, qashshoqlik tomon yo‘rg‘alayotganingizning sababini ko‘ra bila turib qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. Bu holat juda og‘ir.

Zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakili Nazar Eshonqulning “Qo‘l” nomli hikoyasi qahramoni Salom tegirmonchi ham ayni shu holatni boshdan kechirdi…

Sujet:

Tegirmonchi Salom avvaliga oshiga sherik bo‘layotgan qo‘lni payqamaydi. Ozgina ziqnalik tabiati borligi uchun oziq-ovqatning borgan sari tez tugab qolayotganidan nolib yurdi. Ammo bir kun tovoqqa begona bir qo‘l uzalayotganini sezib qoladi va payt poylab turib shappa tutadi. Qo‘l biroz biltanglab turadi-da, yo‘q bo‘lib qoladi. Ammo har ovqat mahal yana paydo bo‘lib, hammadan ko‘p ovqat yeydi. Qizig‘i shunda ediki, ovqat changallagan qo‘l beega edi. Yelka bo‘yi ko‘tarilgach, ovqat o‘z-o‘zidan yo‘qolardi. Salom, avvaliga, jinni bo‘lyapman deb o‘ylaydi. Qarasa vaziyat chatoq.

Azim raisni maslahatga chaqirishga majbur bo‘ldi. Albatta, rais uyga kelgach, shunchaki quruq dasturxonga o‘tkazib bo‘lmasdi. Ancha tayyorgarliklar ko‘rildi. Ammo rais ham hayron bo‘lishdan boshqasiga yaramaydi. Salom xotini bilan qushnochu folchiga yugurdi. Uncha-munchamas anchagina chiqim qildi hamki, natija yo‘q!

Tegirmonchi yana to‘kin dasturxon ila qishloq mullasini uyiga taklif etadi. U bir qancha mablag‘ evaziga 40 kun chilla saqlab qaytariq qilishga va’da beradi. 40 kun ichida tegirmonchi kambag‘aldan qashshoqqa aylangandi. Ammo hamon natijadan darak yo‘q edi.

Eskichasi naf bermagach yangichasini – maktab muallimini mehmonga chaqirib, ahvolini bayon qiladi. Xullas, gap nozirga yatib boradi. Nozir bir qancha qurolli askarlar bilan uyni titi-piti qilib tashlaydi. Ammo hech narsa topilmaydi. Bu payt esa Salom tandirchi butkul xonavayron bo‘lgandi…

Oradan biroz vaqt o‘tgach qishloqda katta yig‘in bo‘ladi. Yig‘in masalasi hammaga taalluqli edi: endi qo‘l barchaning uyida paydo bo‘lgandi…

Tahlil:

Hikoyani ko‘p tomonlama tahlil qilsa bo‘ladi. Siyosiy tomonlama olib qarasa, muallif hukumat tepasidagi egasi yo‘q “qo‘llar”ni nazarda tutgandek go‘yo. Millatimiz kishilari sodda. Aldash oson. Haqqiga kimlar tajovuz etib, kimlar unga nisbatan adolatsizlik qilayotganini sezavermaydi. Asli bu egasiz qo‘l tashqi dushman edi. Bir paytlar ko‘plab egasiz qo‘llar kammunizm quramiz dedi, boy-kambag‘al bir xil bo‘ladi dedi. U deb, bu deb avradi-da, xalqimizning mehnatidan, xizmatidan mazza qilib foydalandi, oshiga oshig‘icha sherik bo‘ldi.

Bu egasiz qo‘llarga Azim rais, folchi, qushnoch, muallim, mulla, nozir singari egali qo‘llar – ichki dushmanlar yordamlashdi. Axir bu egali qo‘llarning qornini to‘ydirish uchun sodda tegirmonchi oz-muncha xarajat qilmadi. Oqibatda egasiz qo‘l butun qishloqda paydo bo‘ldi. Qarasa, xalq sodda, mehmondo‘st, ishonuvchan. Bir-biriga yordam berish o‘rniga, hamma o‘z qursog‘i g‘amini yeydi. Birovining boshiga tushgan tashvishga boshqasining ichi achimaydi. Bu esa egasiz qo‘llar uchun ayni muddao edi.

O‘zbek millati nihoyatda mehmondo‘st xalq. Chetdan kelgan mehmonga bor budini to‘kib-sochadi, yetmaganini qarzga olib bo‘lsa-da dasturxonni to‘kin qiladi, zar chopon kiydiradi, 20 yillab yig‘ib-terib to‘y qiladi. Buni ko‘rgan “mehmon” bu boy xalq, foydalanish kerak, deya “shila” boshlaydi. Sho‘ro mustamlakachilari shunday yo‘l tutgan. Xalqning soddaligidan, mehondo‘st-u ishonuvchanligidan foydalanib, barcha boyliklarimizdan foydalanmadimi?! Kamiga “o‘zbeklar ishi”ni ko‘tarib, xalq boshiga ming bir balo bo‘lmadimi? Oshimizga ortig‘i bilan sherik bo‘lmadimi?

Hozirgi davrimizda ham egali-yu egasiz qo‘llar atrofimizda to‘lib yotibdi. Qaysidir “xalq jonkuyarlari” kursisida o‘tirgan  holatda tovog‘imizga qo‘l cho‘zishdan ta’b tortmayapti. U qo‘llarning egasini biz bilolmaymiz. Ular o‘zlarini yashirishda egali qo‘llardan foydalanadilar. Korrupsiya, ta’magirlik, har bir sohadagi nohaqliklar o‘sha qo‘llarning badnafsligidan, ochko‘zligidan kelib chiqadi. Unday nokas qo‘llarni birinchi cho‘zilganidayoq birlashib yo‘qotmasak, o‘z haqqimizni himoya qilmasak, atrofimizdagi insonlar uchrayotgan nohaqliklarga beparvo bo‘lsak, keyinchalik bu “qo‘llar” qarshisida ojizga aylanamiz. Og‘zimizdagi oshni olishsa ham jim qotib qolaveramiz.

Davr bizdan hushyorlikni talab etyapti. Salom tegirmonchi holiga tushmaslik uchun uning atrofidagi kimsalar kabi tomoshabin bo‘lib turmasligimiz shart. Biror nohaqlikka guvoh bo‘lganimiz zamoni keskin chora ko‘rishimiz darkor. Shundagina nafaqat o‘zgani, balki o‘zimizning ham halol haqqimizga qilinajak tajovuzlarni oldini olgan bo‘lamiz.