Yangiliklar

Oʻzbekistonning 7 ta hududida gepatit A bilan kasallanish ortayotgani maʼlum qilindi

Oʻzbekistonning 7 ta hududida gepatit A bilan kasallanish ortayotgani maʼlum qilindi
Illyustrativ foto

Virusli gepatit “A” vaksinasi bilan emlangandan soʻng 15 yilgacha muddatda immunitet tarangligi saqlanib qoladi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova maʼlum qildi.

Virusli Gepatit A kasalligi bolalar oʻrtasida uchraydigan yuqumli kasallik boʻlib, jigar toʻqimalarini shikastlanishi bilan kechadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra respublikamizda joriy yilning hoziriga qadar 9507 nafar bola Gepatit A kasalligini yuqtirib olgan. Kasallanish koʻrsatkichlarining oʻsishi Andijon, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Samarqand, Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuzatilmoqda. 

Gepatit A kasalligiga qarshi emlash 94-98 foiz holatlarda virus yuqishini oldini oladi va emlashdan keyin kuzatilishi mumkin boʻlgan jiddiy asoratlar kuzatilmaydi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotininig tavsiyasiga koʻra, ushbu vaksinaning xavfsizligi va sifatini kafolatlovchi sertifikatlari mavjud boʻlib, vaksinatsiya bir marotaba qoʻllaniladi, qayta emlash ishlari talab etilmaydi. Virusli gepatit A kasalligiga qarshi asosan, 18 oylikdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar emlanadi. Virusli gepatit “A” vaksinasi bilan emlanganidan soʻng 15 yilgacha muddatda immunitet tarangligi saqlanib qoladi. 

 Oʻtgan yilning 12 oyi davomida respublika boʻyicha jami 365 167 nafar bolalar virusli gepatit A kasalligiga qarshi vaksina bilan emlangan. Shuningdek, nogiron, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 14 yoshgacha boʻlgan bolalarini ushbu kasallikka qarshi emlash maqsadida Qashqadaryo viloyati, Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumani va Toshkent shahri hokimliklari tashabbusi bilan virusli Gepatit A vaksinasini xarid qilish uchun mahalliy byudjetdan jami 4 mlrd soʻmdan koʻproq miqdorida mablagʻlar ajratilib, 24 765 nafar bolalar kasallikka qarshi emlangan.