Yangiliklar

“Maqsadimiz – yerga nisbatan eʼtiborni, mahsulot yetishtiradiganlar manfaatini kuchaytirish” — Shavkat Mirziyoyev

“Maqsadimiz – yerga nisbatan eʼtiborni, mahsulot yetishtiradiganlar manfaatini kuchaytirish” — Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif dasturida koʻzda tutilgan manzillar va rejalar koʻp. Birinchisi “Asaka tekstil” klasterining toʻqimachilik korxonasi boʻldi.

Bu ulkan majmua iqtisodiy kontrastning yorqin misoli. 2016-yilgacha bu yer tashlandiq joy edi. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga bergan ruh va madad natijasida bu yerda bosqichma-bosqich yangi binolar qurilib, 2022-yil avgustda ishga tushirildi. Bugungi kunda 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq “zanjir” tashkil etilgan.

Xususan, klaster tizimida Andijon viloyatining Ulugʻnor va Jalaquduq tumanlari hamda Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 11 ming 200 gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Shundan 2 700 gektarda tomchilab sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan.

Asakadagi korxonaga Shveysariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib oʻrnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni boʻyash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 3 ming 200 kishi ishlamoqda.

Korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb oʻrgatish markazi tashkil etilgan. Boʻyoq sexidan chiqqan suvni tozalash inshooti ham ishga tushirilgan.

Umuman, klaster tomonidan 102 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Bundan 7 yil oldingi holat bilan solishtirganda daromad, iqtisodiy manfaatdorlikdagi farq yer bilan osmoncha.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kelgusi yillarda klaster tomonidan Ulugʻnor tumanida 70 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash zavodi, tikuv-trikotaj va paypoq ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ularda yana 1 ming 600 dan ziyod ish oʻrni ochiladi.

Shu yerda Andijon viloyati misolida paxta-toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi boʻyicha axborot berildi. Qayd etilganidek, ishlab chiqarish tannarxi 15 foizga qisqartiriladi, 65 foiz qoʻshilgan qiymat yaratiladi. Dizayner va texnologlar maktabi tashkil etiladi. Nufuzli brendlar va riteylerlar jalb etilib, tarmoq korxonalari eksporti 800 million dollarga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari klaster bilan fermerlar oʻrtasidagi munosabatlarda manfaatdorlikni oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

– Qishloq xoʻjaligida bozor munosabatlarini rivojlantirayapmiz. Maqsadimiz – yerga nisbatan eʼtiborni, mahsulot yetishtiradiganlar manfaatini kuchaytirish. Sohaning quyi boʻgʻinidagi dehqon va fermer ham raqobatbardosh boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident korxonada ishlayotgan tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning ayrimlari oʻz tumanida yuqori maoshli ish paydo boʻlgani uchun mehnat muxojirligidan qaytib kelgan.