Intervyu, Tahlil

“Sifatsiz ta’lim, diniy va psixologik sabablar” – ta’lim ekspertlari maktablarda davomat past qolayotgani haqida

“Sifatsiz ta’lim, diniy va psixologik sabablar” – ta’lim ekspertlari maktablarda davomat past qolayotgani haqida

Demokrat.uz muxbiri O‘zbekiston maktablarida davomat va uni ta’minlashga Milliy gvardiya ham mas’ul qilib belgilangani masalasida suhbat tashkil qildi.

Suhbat davomida ta’lim ekspertlari Komil Jalilov, Feruza Vahobova va Bahodir G‘aniyev maktablarda damovat masalasi va uning yomonlashib borayotgani sabablari haqida ham gapirishdi.

 

Komil Jalilov, ta’lim eksperti

– Soha mutaxassislari ingliz tilida buni “absenteizm” deyishadi. Yaʼni maktabga sababsiz bormaslik. Buning sabablari esa turlicha boʻlishi mumkin. Birinchi sababi oʻquvchi bilan bogʻliq. Yaʼni darsdan qoniqmaslik. Ikkinchi sabab esa oila bilan bogʻliq sabab: oilaviy sharoitidan kelib chiqib ishlashi mumkin yoki kiyim ololmaydi. Yoki maktabga olib boruvchi yoʻl xavfli. Bu ham bir sabab. Keyingi sabab esa maktab bilan bogʻliq faktorlar. Maktabning oʻzi bolani jalb qila olmayapti. Yana maktabda bulling kuchaygan. Bu butun dunyo olimlari tahlil qilgan sabablar. Oʻylashimcha, bizda ham aynan shu sabablar kuzatiladi.

Bahodir Gʻaniyev, ta’lim eksperti

– Bizda maktablardagi davomat pastligining asosiy 3 ta sababi bor. Birinchidan, oʻquvchilarning ota-onalari maktab bilan gaplashib qoʻyib, farzandining toʻliq vaqtini repetitorga sarflayapti. Ikkinchi sabab oilaviy sharoit: maktabda taʼlim sifati past boʻlganli tufayli bolalar koʻproq ishlashga ham chiqishyapti. Uchinchi sabab esa, diniy fon deb aytishadi. Dindorlar koʻproq boʻlgan hududlarda ota-onalar farzandini chet elga, ayniqsa, Misr bilan Madinaga katta muddatga diniy taʼlimga yuborishyapti. Bu 3-6 va undan ham kattaroq muddatga. Bu ham modaga aylandi. Hatto dindor boʻlmagan oilalarni ham koʻrdim. Raqamlar kesimida keltiradigan boʻlsak, bunday oʻquvchilar 10 minglab topiladi. Bola xorijda qanday gʻoya olyapti, kimni qoʻlida taʼlim olyapti, ota-onaning diniy bilimi yaxshi boʻlmasa, farzandining nosogʻlom muhitga tushib qolganini sezmay ham qolishi mumkin. Natijasini esa 5-10 yildan keyin biladi. Endi esa bola bilan ishlashga kech boʻladi. Bu bilan diniy taʼlim kerakmas demoqchi emasman, kimdir bolasini qori qilmoqchi boʻladi, bu ham yaxshi yoʻnalish bola qiziqsa. Lekin men diniy ta’limni diniy qarashlari mavhum boʻlmagan inson qoʻlida, pedogogika, psixologiya qonun-qoidalariga amal qilgan holda berilishi tarafdoriman. Yaʼni bolaning ruhiyatini shikastlamasdan, nosogʻlom fikrlarga berib qoʻymasdan oʻrgatilishi kerak. Bu masalani men bir necha bor koʻtarganman. Agar diniy taʼlimga ehtiyoj boʻlsa, qonuniy qilib diniy maktablar ochinglar, har hududda bittadan, ikkitadan boʻlsin deganman. Nazoratda boʻlsin, diniy olimlar dars bersin deganman. Ehtiyoj boʻlsa, uni qondirish uchun hamma narsa qilishadi. Oxirgi paytlarda Turkiya ham bir yoʻnalish boʻlib qoldi. Milliy gvardiya ham aynan shu uchun jalb qilindi deb oʻyladim.

Oʻquvchilarning dars paytida repetitorlarga qatnashiga keladigan boʻlsak, bu tabiiy jarayon emas. Bu taʼlim tizimining sifati pastligidan va odamlar undan qoniqmayotganining yana bitta koʻrinishi. Lekin bolani kuch bilan maktabga olib kelishga qarshiman. Oʻqituvchi bolaga yetarli bilim bera olmayotgan boʻlsa, davlat oʻz vazifasini bajara olmayotgan boʻladi. Oʻquvchi esa bilimni boshqa joydan izlashga haqqi boʻlishi kerak. Maktabda oʻqib, nufuzli OTMlarga yetarli ball yigʻib kirish imkoni boʻlganda, hech kim oʻquv markazga bormagan boʻlardi. Biz davomat masalasida ichki ishlarni, milliy gvardiyani jalb qilib, kasallikni davolamayapmiz, uning simptomlari bilan kurashyapmiz. Masalan, bolani isitmasi chiqdi, isitmani tushirish uchun ustidan muzdek suv quyyapmiz, isitma tushiradigan dori bermayapmiz. Uni majburlab, qaytarib, qamab oʻtirgandan foyda yo‘q. Chunki u dars sifatidan qoniqmayaptimi, oʻqimaydi ham, maktab hududida boʻladi, xolos. U kimga kerak bilmadim.

Feruza Vahobova, ta’lim eksperti

– Davomat bolaning muvaffaqiyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi omil hisoblanadi. Chunki taʼlim jarayoni va uning tomonlari bor. Taʼlim jarayonida maktab, oʻqituvchi, sinflar bor. Sinfda qanchadir oʻquvchi oʻtiradi. Darslar ketma-ketlikda boʻladi. Bu 200 yildan beri kelayotgan tizim desak boʻladi. Lekin psixologiya va neyropsixologiya shuni koʻrsatyaptiki, inson taʼlim olishi oʻzining tempiga, biometriyasiga bogʻliq, yaʼni taʼlim individual jarayon. Maktabda buni qoʻllash ancha murakkab. Aynan eski tizimda buni qilish qiyin. Yaqinda Londonga koʻrgazmaga bordim. Texnologiyalar oʻquvchining shaxsiy taʼlim olish traektoriyasiga moslashgan. Maktabga nimaga boradi bola? Maʼlum bir kontentni qabul qilish uchun. Taʼlim maqsadidan, vazifalaridan kelib chiqqan holda oʻsha jarayonda qatnashish uchun boradi. Lekin hozir taʼlimning boshqa turlari ham bor. Yaʼni, masofaviy taʼlim, texnologiyalar orqali taʼlim olish. Bu yangiliklar hayotimizga kirib kelyapti va rivojlanadi ham. 13, 14, 15 yoshli bolalarning psixologik xususiyatlari umuman boshqacha: idrok etishdan tortib, fikrlashgacha. Demak, taʼlimni ham yoshga moslab turli xil taʼlim jarayonini tashkil qilish kerak. Lekin bizda 200 yil oldin tashkil qilingan tizimda zamonaviy bola oʻqiyapti. Oldinlari aqliy vazifani yechish uchun diqqatimiz 2 yarim daqiqati tashkil qilardi, hozirgi bolalarda bu koʻrsatkich 47 soniya xolos. Nima uchun shunday? Hozir informatsiya koʻp, bola buni qabul qilyapti. Hozirgi bolalar katta-katta matnlarni oʻqiy olmaydi, idrok etolmaydi. Ular rasmda, infografikada, texnologiyalarda maʼumot olishadi. Demak, taʼlim tizimi ham ular qabul qiladigan darajada, ularning xususiyatlarini inobatga olgan holda boʻlishi kerak. Hozirgi tizim esa bolada qiyinchilik va nafrat tugʻdiryapti. Oldin davomat uchun tuman Xalq taʼlimi boʻlimlari javobgar edi, hozir esa ota-ona ma’sul hisoblanadi. Koʻp ota-onalar esa bolasiga qarayotgani yoʻq, kuchim yetmaydi deyapti ular. Ota-ona taʼlimga yordamchi boʻlishi kerak. Tasavvur qiling, bola bir kunda 7 ta, 8 ta fan oʻqiydi, bu juda qiyin jarayon. Koʻp oʻquvchilar soat 15:00 dan keyin boshim ogʻriydi, deydi. Umuman, bolalarning sogʻlig’i me’yordami? Gemoglabini joyidami? Yod yetishyaptimi? Mana sabablar qayerda. Yuqorida keltirilgan faktorlar ijtimoiy faktorlar. Oʻquvchining shaxsiy faktorlari ham bor: oʻqituvchidan qoʻrqishi, doʻstlari ustidan kulishidan qoʻrqishi, doskaga chiqishdan qoʻrqishi. Demak, shu sabablarni ham oʻrganishimiz kerak.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Tasvirchi – Shokir Shoishoqov

Montaj ustasi – Aziz Obidov