Umra xizmatlarini ruxsatsiz reklama qilish bilan bog‘liq yangi qoidabuzarliklar aniqlangani haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning Toshkent shahri, Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Xorazm viloyatlari boshqarmalari tomonidan tegishli litsenziyasiz ziyorat tashkil etishni taklif etayotgan 7 ta turistik firma aniqlangan. Ular — Emir Voyage, Makan United Travel Group, Ezofayz, Murabbiy Travel, Zaytun Tourism, Smrt Systems Company, Nazir Travel N1 firmalardir.
Qonun talablari buzilishi alomatlari yuzasidan ularga nisbatan ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘llandi.
Shuningdek, qo‘mitaning Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 5 ta turoperator mansabdor shaxslari hamda Telegram kanallar adminlari yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan ma’muriy javobgarlikka tortildi, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, litsenziyaga ega bo‘lmasdan reklama materiallari tarqatayotgan 12 dan ortiq axborot resursini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilindi.
Qolaversa, xabarda fuqarolardan Umra ziyoratini tashkil etishda faqat litsenziyaga ega turoperatorlarga murojaat qilish so‘raldi. Agar noto‘g‘ri, ishonchsiz yoki shubhali reklama aniqlansa, qo‘mitaning 1159 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish tavsiya etilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!