Yangiliklar

Orol dengizi tubida choʻlga chidamli oʻsimliklar ekish boshlandi

Orol dengizi tubida choʻlga chidamli oʻsimliklar ekish boshlandi
Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi hamda ekofaol yoshlar tomonidan Orol dengizi tubida saksovul ekish ishlari boshlandi.

“Bu yil tuzli va qumli shamollar hosil boʻladigan eng zaif joylarda yashil maydonlar yaratishni rejalashtirganmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev 100 ming gektar maydonda qoʻriqlanadigan oʻrmonzorlar barpo etish vazifasini qoʻydi. Biz 150-200 ming gektar maydonga daraxt ekishni maqsad qilganmiz. Davlat rahbari qum va chang boʻronlari masalasini shaxsan nazorat qiladi va hozirda mamlakatda bu muammoga qarshi samarali kurash olib borilmoqda, Bu muammoni hal etishda oʻrmon pitomniklarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Joriy yilda 150 gektar maydonda pitomniklar yaratish, u yerda saksovul, cherkez, qandim kabi choʻl oʻsimliklarini yetishtirish koʻzda tutilgan”, – dedi Oʻrmon xoʻjaligi Davlat qoʻmitasi ilmiy-tadqiqot instituti akademigi, loyiha rahbari Zinoviy Novitskiy.

Oʻtgan 5 yil davomida Orol dengizi tubida 1 mln 730 ming gektar oʻrmonzor barpo etildi, yaʼni 17 ming km kvadrat maydon koʻkalamzorlashtirildi.

2024-yilda jami 150-200 ming gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 192,63 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻlari, jumladan, 71,96 tonna saksovul, 120,67 tonna qorabaroq choʻl oʻsimliklari terilib, ekishga tayyorlandi. Shuningdek, 2,7 ming gektar maydonda saksovul, qandim, cherkes kabi choʻlga chidamli oʻsimliklarning urugʻ hamda koʻchatlari ekilmoqda.