Yangiliklar

Kambagʻallik darajasining pasayishi qaysi omillarga bogʻliq? 

Kambagʻallik darajasining pasayishi qaysi omillarga bogʻliq? 
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2023-yil sarhisobiga koʻra, Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 14,1 foizdan 11 foizgacha pasaydi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Nurbek Yoʻldoshevning fikriga koʻra, bunday natija 2023-yilda barqaror iqtisodiy oʻsish bilan bogʻliq va u 2022-yildagiga nisbatan 6 foizni tashkil etgan. Bu davrda inflyatsiya darajasining oshishi nisbatan sekinlashgan.

“Shundan kelib chiqib, aholining eng muhim oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan xarid qobiliyati oshishiga erishildi. Aholining umumiy daromadlari 2023-yilda 2022-yildagiga nisbatan 115 foizga oshdi. Aholining umumiy daromadida mehnatdan olinadigan daromadlarning 61,6 foizdan 64 foizga oʻsishi ham aholi kambagʻallik darajasining pasayishiga taʼsir koʻrsatdi. Tahlil davrida oʻrtacha oylik ish haqi sezilarli darajada, yaʼni 2022-yildagiga nisbatan 117,2 foizga oshib, 4 million 551,4 ming soʻmni tashkil etdi. Ushbu tendensiyani deyarli barcha hududlarda va sohalarda kuzatish mumkin. 2023-yilning 1-mayidan boshlab, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 920 ming soʻmdan 980 ming soʻmga, 1-dekabrdan boshlab esa 1 050 ming soʻmga oshirildi. Umuman olganda, oʻtgan yil mobaynida ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarning miqdori jami 14 foizga oshdi. Biz mavzuni oʻrganish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Statistika agentligi maʼlumotlaridan foydalandik”, – dedi u.

Aholi bandlik darajasini oshirish, ishsizlikni hal etish masalalari kambagʻallikni qisqartirishning taʼsir omillaridir. Shu nuqtai nazardan, 2023-yilda 4,1 million kishining bandligi taʼminlandi. Shundan 2,3 million nafari doimiy va mavsumiy ishlarga, 112,8 ming nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 1,6 million nafari esa oʻzini oʻzi band qilish hisobiga ish bilan taʼminlangan.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 2024-yilda kambagʻallik darajasini 10 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.