Yangiliklar

Suriyadagi terroristik tashkilot safida boʻlgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Suriyadagi terroristik tashkilot safida boʻlgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Videodan skrin

2000-yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan shaxs internet tarmogʻi orqali Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti aʼzosi bilan tanishib, ularning safiga borib qoʻshilishni maqsad qiladi.

Soʻngra virtual tanishining huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining eʼtiboriga tushmaslik boʻyicha bergan koʻrsatmalari asosida, 2023-yilning iyun oyida aviachiptani aynan uchib ketish kuni qimmat narxda boʻlishiga qaramay, sotib olib, Istanbul shahriga joʻnab ketadi.

Turkiya orqali Suriyaga oʻtgan jizzaxlik yigit “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti aʼzolari safida gʻoyaviy hamda harbiy tayyorgarlikdan oʻtadi.

Ammo, Suriya hukumati kuchlari tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar natijasida jiddiy jarohat oladi.

Sogʻligi tiklanganidan keyin, u terroristik tashkilotning xoʻjalik ishlariga jalb etiladi.

2023-yilning dekabr oyida davolanish uchun yashirin yoʻllar bilan Suriyadan qoʻshni davlatga oʻtgan vaqtida qoʻlga olingach, Oʻzbekistonga olib kelindi.

Hozirda unga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jinoyat Kodeksining 155-2 (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida oʻquvdan oʻtish, chiqish yoki harakatlanish) va 244-2 (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) -moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.