Yangiliklar

Davlat tomonidan taʼminlanadigan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarining turlari kengaytiriladi

Davlat tomonidan taʼminlanadigan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarining turlari kengaytiriladi
Ilyustrativ foto

“Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024-yil 1-maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda taʼminlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.

2024-yil 1-maydan:

  • protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablagʻlar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib oʻrtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi;
  • nogironligi boʻlgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida belgilanadi;
  • nogironlik guruhiga ega boʻlmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.

2024-yil 1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2024-yil 1-oktyabrgacha respublikaning boshqa barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida taʼminlash tartibi joriy etiladi.