Yangiliklar

Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy elektron platforma yaratildi

Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy elektron platforma yaratildi

28-fevral kuni Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan “baburid.uz” xalqaro ilmiy elektron palatformasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda Demokrat.uz muxbiri xabar berdi.

Platforma taniqli boburshunos olim Abdumajid Madraimov boshchiligida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va Andijon viloyat hokimligining homiylik mablag‘lari asosida yaratilgan. Sayt uchun xarid qilingan internet maydoni hajmi 20 mingdan ziyod kitob, maqola kabi fayllar yuklamasini mujassamlashga qodir.

Mualliflarga ko‘ra,  platforma bosh sahifasiga tanlangan kontent va ma’lumotlar maktab yoshidagi bolalardan tortib katta yoshli auditoriyani ham o‘ziga jalb qilishi nazarda tutilib, boburiylar davriga oid sara miniaturalar, asarlardan iqtiboslar hamda “O‘zbekkino” ijodkori, rejissyor Bobur Sher o‘g‘li tomonidan suratga olingan “Zahiriddin Muhammad Bobur” hujjatli tarixiy dramasidagi kerakli videolavhalar ajratib olingan va mavzulashtirilgan holda joylashtirib chiqilgan.

“Sayt uchun shuningdek, Boburning badiiy obrazining yangi talqinini ijro etgan yosh aktyor Ilhom Berdiev va xalqimiz tomonidan uzoq yillar davomida suyub qabul qilingan, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov ijrosidagi suratlardan ham unumli foydalanildi.

Platformaning “Virtual sayohat” bo‘limida “Bobur va jahon madaniyati muzeyi”, “Bog‘i Bobur istirohat bog‘i”, “Boburning ramziy qabri”, “Bobur xalqaro jamoat fondi”, “Andijon shaharsozlik madaniyati” muzeylariga sayohat qilish imkoniyati yaratildi.

Platformaning “Buyuk boburiylar sulolasi, davlat xaritasi va madaniyati” (shajara) deb nomlanuvchi bo‘limida Zahiriddin Muhammad Boburning Temuriylarga tutashgan ota tomonidan shajarasi joylashtirildi, shuningdek, ushbu sahifaga Zahiriddin Muhammad Boburning davlat xaritasi, uning jangovar qo‘shinining tarkibi, Ibrohim Lodiy bilan bo‘lib o‘tgan jangning chizma ko‘rinishlari kiritilgan.

Kutubxona deb nomlanuvchi bo‘lim platformaning yadrosini tashkil etib, uning tarkibiy qismlari Boburning ijodiy merosi, Qo‘lyozmalar,Konferensiya to‘plamlari, Miniatyuralar, Ilmiy nashrlar, “Bobur va dunyo” jurnali, Media, Boburshunoslik kabi yo‘nalishlardan tashkil topgan”, – dedi platforma ijodiy jamoasi a’zosi, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Elmira Hazratqulova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, platformaning Boburning ijodiy merosi yo‘nalishida muallifning devonidagi g‘azal, ruboiy, tuyuq, mustahzod, qit’a kabi she’riy janrlarining ham mumtoz alifbosi ham joriy lotin alifbosi shakllari yonma yon joylashtirib chiqilgan.

“Bu bilan xorijlik tadqiqotchilarning asl matnning o‘zi bilan virtual holatda tanishish imkoniyatlari kengaytirildi. Kelgusida loyiha davomida Boburning “Boburnoma” asaridan yirik shaharlar vasfiga oid ma’lumotlar har ikki alifboda berilishi nazarda tutilgan.

Qo‘lyozma manbalar qismida sohaga doir qo‘lyozma asarlarning ayrim namunalari joylashtirib boriladi va tadqiqotchilarga foydalanish uchun qulayliklar yaratiladi”, – dedi olima.

Taqdimot tadbiri davomida Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan yana qator ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Jumladan, taniqli arabshunos olim Shokirxon domla Rustamxo‘jaev tayyorlagan 5 jildlik “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar to‘plami”ning Bobur fondi va Rossiya Fanlar akademiyasining Turkshunoslik instituti hamkorligida nashrdan chiqarilgani ta’kidlandi. Asar arabshunos olim Shokirxon Rustamxo‘jaev bilan hamkorlikda 5 jildga bo‘lib, boburshunos olim Vahob Rahmonov mas’ul muharrirligida, fond homiyligida nashrdan chiqarilgan.

Taqdimot tadbiri davomida platformani yanada mukammal shaklga keltirish, uning mobil ilovasini yaratish ustida ish olib borilayotgani ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi 1992-yili tashkil qilingan. Fond ko‘hna tarixning noma’lum sahifalarini qayta tiklash, o‘zbek zaminidan yetishib chiqqan buyuk ajdodlar xotirasini abadiylashtirish, ular qoldirgan boy ilmiy-madaniy meroslarni izlab topib, Vatanga olib kelish va ilmiy muomalaga kiritishni maqsad qiladi.

Fond tasarrufidagi Bobur xalqaro ilmiy ekspedisiyasining birinchi safari 1992-yilning may oyida amalga oshirilgan bo‘lib, shu kungacha 50 dan ortiq xorijiy davlatlarga 30 dan ortiq xalqaro safarlar uyushtirildi. Afrika qit’asidan Hindi-Xitoy yarim oroli, Yevropa-Amerika davlatlarigacha 400 ming km.dan ortiq masofa avtomashinada bosib o‘tilgan. Bu safarlar va ilmiy izlanishlar natijasida 1000 dan ziyod noyob kitoblar va nodir qo‘lyozma asarlar olib kelinib, fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyiga jamlandi va ilmiy muomalaga kiritildi va kiritilmoqda.

Shu kungacha fond homiyligida 50 dan ziyod kitoblar nashr etilgan. U tashkil etilgandan buyon birgina “Boburnoma”ning o‘zi uch marta qaytadan nashr ettirildi. Shuningdek, yoshlarga tushunarli bo‘lishi uchun “Boburnoma”ning tabdili ham yaratildi.