Yangiliklar

“Qanchalik koʻp mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, oʻzgarish boʻlmaydi” — prezident

“Qanchalik koʻp mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, oʻzgarish boʻlmaydi” — prezident
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida investitsiyalar va eksportni koʻpaytirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbari bundan buyon yigʻilishlar har bir soha korxonalari vakillari bilan uchrashuv tarzida, ularni qiynayotgan masalalarga yechimlari bilan oʻtkazilishini taʼkidladi. Bu yili oziq-ovqat sanoatida kamida 100 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish reja qilingan. Lekin, oziq-ovqat yoʻnalishidagi ayrim korxonalar aylanmasi uchun mablagʻ ola olmagan, ayrimlari sifat boʻyicha raqobatga bardosh berolmagan, tejamkor texnologiya oʻrnatmagani uchun tannarx baland boʻlgan.

Shu kabi, oziq-ovqat yoʻnalishidagi 20 ta yirik korxona xom ashyo yetishmasligi, mahsulotiga bozor topish va aylanma mablagʻ muammolari sababli quvvatlarini yarmini ham ishlatayotgani yoʻq. Mutasaddilar, hokimlar yangi loyiha qilish uyoqda tursin, tayyor korxonalarga koʻmak berishni oʻylamayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bir haqiqatni aniq tushunib olish zarur. Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini taʼminlash eksport bilan chambarchas bogʻliq. Qanchalik koʻp mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, oʻzgarish boʻlmaydi. Shuning uchun, qanday tashabbus boʻlsa, barchasini eshitishga tayyorman, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini eshitdi. Muloqotda eksportni anʼanaviy bozorlardan yuqori narxda mahsulot sotib oluvchi davlatlarga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari bu fikrni qoʻllab-quvvatlab, bunday bozorlar bilan ishlashni kuchaytirish muhimligini qayd etdi. Jumladan, Yaponiyada savdo uyini akkreditatsiya qilish va ijara toʻlovining kompensatsiya masalasini hal qilish topshirildi. Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSH va Qozogʻistondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.

Bundan tashqari, eksport uchun yangi istiqbolli bozorlar boʻlgan Mersin (Turkiya), Rotterdam (Niderland), Sindao (Xitoy), Klaypeda (Litva), Doha (Qatar) kabi yirik port shaharlarda savdo uylarini ochish zarurligi qayd etildi.