Yangiliklar

Uychi tumanidagi 56 ta mahalla ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantiriladi

Uychi tumanidagi 56 ta mahalla ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatining imkoniyatlarini ishga solish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Namangan mamlakatimizning eng barakali, sersuv va serhosil hududlaridan biri, mehnatkash va saxovatpesha, gʻururi baland, tadbirkorlikda eng ilgʻor insonlar yurti ekanini taʼkidladi.

Ularning mehnati va fidoyiligi bilan Namanganda hayot oʻzgarmoqda. Oʻtgan 7 yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra oʻsib, jon boshiga daromad 15,5 million soʻmga yetdi. 65 trillion soʻm investitsiya hisobiga 600 ming ish oʻrni yaratildi.

Shu bilan birga, Namanganda mavjud salohiyat toʻliq ishga solinmayotgani uchun masʼul komplekslar va viloyatdagi rahbarlar tanqid qilindi.

Viloyat eksportini 86 foizi toʻqimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga toʻgʻri keladi. Mingbuloq va Kosonsoyda bir gektardan olinadigan daromad viloyat koʻrsatkichidan 2 barobar kam. Aholiga berilgan 16 ming gektardan 3,5 ming gektari boʻsh yotibdi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqoʻrgʻonda sanoatlashish darajasi past.

Masʼullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sayxunobod misolida Uychi tumanidagi 56 ta mahallada ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish, tomorqadan 60-70 million soʻm daromad olish boʻyicha namuna yaratish topshirildi.

Prezident viloyatdagi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha vazifalarni belgilab berdi.

Sayxunobod tajribasi asosida mahallalarda jami 4 mingta xonadonni tanlab olib, ularning daromadini oshirish choralari koʻriladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa koʻrinishdagi amaliy yordam beriladi.

Shu tartibda, 35 ming xonadonga gulchilik, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay, kartoshka yetishtirishga koʻmaklashiladi. Bunga yetarli miqdorda kredit ajratish rejalashtirilgan.

Yurtimizda qazib olinayotgan oltinni atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yoʻgʻi 78 million dollarlik eksport boʻlayotgani qayd etildi.

Prezident kecha tanishgan zargarlik korxonasini misol qilib, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat borligini taʼkidladi.

Shu bois, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinadi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta koʻrib chiqiladi.

Mutasaddilarga Turkiya tajribasi asosida Namanganda oltinni qayta ishlash va sotish boʻyicha yirik markazni ishga tushirish topshirildi.