Yangiliklar

Toshkent havosi iflosligi uchun Hukumat javobgar – amerikalik olim

Toshkent havosi iflosligi uchun Hukumat javobgar – amerikalik olim

22-aprel kuni amerikalik olim, havo sifati bo’yicha mutaxassis Jey Tyorner bilan matbuot vakillarining uchrashuvi bo’lib o’tdi. Mavzu, albatta, O’zbekiston, xususan, Toshkentning yomonlashgan hamda zaharli ob-havosi bo’ldi. Yig’ilganlarning deyarli hammasi xususiy OAV vakillari. Suhbatda AQSHning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi – Jonatan Henik ham qatnashdi. Olim Jey Tyornerga ko’ra, Toshkentning havosi asosan, qish faslida haddan ziyod zaharlanmoqda. Bahor va yoz oylarida esa biroz tozalanish kuzatilyapti. Demakki, inobatga olinishi kerak bo’lgan jihatlardan biri – mavsum.

Atmosferaga kim javobgar?

Davra suhbatida aytilishicha, atmosferaning holati va uning kelajak avlodga qanday yetkazilishida ham davlat, ham xalq javobgar. Lekin, ayni vaziyatda asosiy mas’uliyat baribir davlat gardanida qolaveradi. Ya’ni, nafaqat so’nggi 1-2 yil, balki undan oldingi yillarda ob-havoning holati qanday bo’lgani ochiqlanishi kerak. Hukumat kerakli choralarni ko’rishi kerak edi, hozirgi iflos atmosfera uchun birinchi o’rinda davlat javobgarlikni bo’yniga olishi lozim, deydi amerikalik mutaxassis Tyorner.

Iflos havoga nima sabab?

AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi havoning sifatini o’lchash – monitoring qilish apparatiga ega. Lekin muloqotda aytilishicha, diplomatik korpus poytaxt havosining ifloslanishi aniq sababini hali to’la aniqlolganicha yo’q. Bishkekda, Ulan-Batorda keng ko’lamli o’rganishlar olib borganman. Toshkentdan farqli o’laroq, bu shaharlar aholisi qishda ko’mir yoqadi. Lekin, Toshkent aholisi o’z uyini ko’mir yoqib isitmaydi. Demak, boshqa sabab bor, deydi ob-havo bo’yicha ekspert Tyorner.

Monitoring tizimi qanday ishlaydi?

AQSH dunyodagi deyarli barcha elchixonalarini havo sifatini o’lchash va monitoring qilish apparatlari bilan ta’minlagan. Davra suhbatidan so’ng OAV vakillari ana shu uskuna qanday ishlashi bilan tanishdi. Mutaxassis Tyornerga ko’ra, ushbu monitoring tizimi va O’zgidromet o’rnatgan uskuna deyarli bir xil natijani ko’rsatmoqda. Tumanlararo farq esa maksimum 15%ni tashkil etadi. Demak, qanday sabab yoki vaj ko’rsatilmasin, vaziyat o’sha-o’sha. 15%lik farq hech nimani o’zgartirmaydi. Elchixonadagi monitoring tizimi har 53 daqiqada yangi baholash natijalarini taqdim etadi. Uskuna esa bevosita Vashington serverlariga ulangan.

Xulosa qanday?

Davra suhbatida berilgan xulosa shuki, O’zbekiston hukumati aniq va real sabablar, real vaziyatni yashirmasligi kerak. Xalqqa aslida nima bo’layotgani, vaziyatni o’nglash usullari ochiq-oydin yetkazilishi lozim. Bundan tashqari, poytaxt ob-havosining ifloslanishiga qarshi ilmiy choralar ko’rilishi kerak. Ekspert Tyorner fikricha, dunyoda Toshkentdan ham iflos ob-havoga ega shaharlar bor. AQSH ham bu muammoga qarshi yillar davomida kurashgan. Masalan, Los-Anjeles va Sent-Luis shaharlarida havo daxshatli tarzda ifloslangan. Ekspertning aytishicha, yuvilgan kirlar qurigach, yuvilishidan oldingi darajadan ham kirroq bo’lgan. Lekin aniq chora va yechimlar bugun vaziyatni o’zgartirdi. Davlat vaqtida bunga e’tibor qaratdi, deydi amerikalik olim.

Shoxrux Majidov – jurnalist