Jahon

“Tolibon” turizmni rivojlantirish choralarini ko’rmoqda

“Tolibon” turizmni rivojlantirish choralarini ko’rmoqda

2021-yilda Аfgʼonistonga 691 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. 2022-yilda bu koʼrsatkich 2 ming kishidan oshdi. Oʼtgan yili esa mazkur mamlakatga 7 mingga yaqin xorijlik tashrif buyurdi. Xorijiy sayyohlar sonining ortishiga mamlakatdagi notinchlikning kamayishi va havo qatnovining kengayishi sabab boʼlmoqda. Bu haqda TRT kanali xabar berdi.

Kobul sayyohlik boshqarmasi rahbari Muhammad Said Britaniyaning Independent nashriga chet ellik sayyohlar uchun eng katta bozor – Xitoyning yaqinligini taʼkidladi.

“Sayyohlar Аfgʼonistonga borishni istamasligining sababi u yerda xavfli va hujum qilishlari mumkin. Bu haqda menga yaponlar ham aytishdi. Bu bizni noqulay vaziyatga qoʼyadi”, – deydi Said.

Аfgʼonistonning sayyohlar uchun bir talay qiyinchiliklar borligi ham haqiqat. Jumladan, viza olish qiyin va qimmat. “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan beri koʼplab davlatlar Аfgʼoniston bilan aloqalarini uzgan va hozircha hech qaysi davlat ularni mamlakatning qonuniy boshqaruvchisi sifatida tan olgani yoʼq.

Said afgʼon turizmini rivojlantirish yoʼlida toʼsiqlar borligini tan oldi va ularni bartaraf etish masalasida tegishli vazirliklar bilan hamkorlik yoʼlga qoʼyilganini qoʼshimcha qildi.