Jahon, Siyosat

Eronning yangi rahbari Muhammad Moxber haqida nimalar ma’lum

Eronning yangi rahbari Muhammad Moxber haqida nimalar ma’lum

Ibrohim Raisi vafotidan keyin Eronni tarixda birinchi marta uning vitse-prezidenti, 68 yoshli Muhammad Moxber boshqaradi, deb yozadi Al-Arabiya. U Adliya vazirligi rahbari va parlament raisi bilan birgalikda qaror qabul qiladigan uch a’zolik Davlat kengashi a’zolaridan biriga aylanadi. Biroq oxirgi so‘z, avvalgidek, Eron oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiyda qoladi.

Moxber 2021-yilda Ibrohim Raisi mamlakat prezidentligiga saylanganida vitse-prezident bo‘ldi. U Oyatulloh Xomanaiyga yaqin va Vladimir Putin bilan ham yaxshi munosabatlarga ega. O‘tgan yilning oktyabr oyida Muhammad Moxber Moskvaga tashrif buyurgan va Eron raketalarini Rossiyaga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borgan Eron delegatsiyasi tarkibida edi. Avvalroq Muhammad Moxber Xomanaiyga yaqin bo‘lgan Setad sarmoya fondida ishlagan.

2010-yilda Yevropa Ittifoqi Moxberni yadroviy raketalarni yaratish dasturida ishtirok etgani uchun sanksiya qilgan. Biroq oradan ikki yil o‘tib amaldorga nisbatan sanksiyalar bekor qilindi. Qo’shma Shtatlar esa 2013-yilda Setad sarmoya jamg’armasi va boshqa 37 Eron shirkatiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.

“Setad” 1979-yilgi islom inqilobidan keyingi notinch yillarda muhojirlar tashlab ketgan mulkni boshqarish uchun tashkil etilgan boʻlib, keyinchalik bu mulkdan olingan mablagʻlar xayriya ishlariga yoʻnaltirilgan. Biroq Konstitutsiyaga ko‘ra, vitse-prezident faqat keyingi 50 kun davomida mamlakat rahbari bo‘lib qoladi, bu davrda yangi saylovlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi kerak.