Uning bildirishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifida ikki davlat rahbari mehnat muhojirlarining umumiy soni bo‘yicha bir xil ma’lumotni aytdi — bugungi kunda Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlari soni bir million nafarga teng.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyada 2016-yilgacha o‘rtacha 4 milliondan ortiq, hatto 6 millionga yaqin muhojir mehnat qilar edi.

“Bu degani agar 2016-yilgacha eng kam statistikani, ya’ni 4 millionni oladigan bo‘lsak ham, kamida 3 million muhojirimiz yurtimizga qaytdi. Mana shu ko‘rsatkichning o‘zi ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasini ko‘rsatadi, deb bilaman”, — dedi Asadov.

10-may kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida 2024-yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaro qaytib kelgani ma’lum qilingandi. Yil oxirigacha yana 250-300 ming kishi qaytishi prognoz qilinmoqda. Qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Prezident matbuot kotibining qayd etishicha, Buxorodagi tashrif chog‘ida davlat rahbari birinchi navbatda, ishsizlar sonini kamaytirish, shu bilan birga kam daromadli aholini daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha strategik vazifalarni belgilab bergan.

Tadbirkorlik sohasining rivojlanishi uchun Buxoro viloyatiga turli moliyaviy resurslar jalb qilgan holda 10 trillion miqdordagi kredit resurslarni ajratish va turli xil infratuzilmaviy loyihalarga 160 million dollar ajratish topshirig‘i berildi.

“Buxoro viloyati aholisi 2 milliondan sal ko‘proq. Shundan 55 mingta rasman ishsiz fuqaro bo‘lsa, 67 ming nafar mehnat migranti bor”, — deydi Asadov.

Uning ta’kidlashicha, prezident xalq bilan muloqot qilishni juda yaxshi ko‘radi va bu xususiyatlarini mehnat faoliyatining ilk kunlaridan kuzatsa bo‘ladi.

“Irrigatsiya institutiga prorektor bo‘lganlarida ham asosiy vaqtlarini talabalarning muammolarini yechish bilan band bo‘lganlar, keyinchalik mehnat faoliyatlarini oladigan bo‘lsak, Mirzo Ulug‘bek tumanida, Jizzax viloyatida Samarqand viloyatida hokim va 14 yil bosh vazir bo‘lganlarida ham faqat hududlarga chiqib, oddiy aholini qiynayotgan masalalarga yechim topish bilan shug‘ullanganlar”, — deydi prezident matbuot kotibi.

Shavkat Mirziyoyev imkon qadar yil davomida eng kamida bir yoki ikki marta har bir hududga chiqib, iqtisodiy ijtimoiy rivojlanishini kuzatishga harakat qiladi.