Jahon

“Vagner” safida Ukrainadagi urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga hukm o‘qildi

“Vagner” safida Ukrainadagi urushda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga hukm o‘qildi

Ohangaron sudi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi saflarida jang qilgan O‘zbekiston fuqarosini oylik maoshining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2,5 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. Hukm shu yilning may oyida chiqarilgan, deb xabar qilmoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Jinoiy ish materiallariga ko‘ra, 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 2019 yil oxirida Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Tez orada Moskvada giyohvand moddalar savdosi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan va 2021-yil sentyabr oyida Rossiya sudi uni yetti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Biroq oradan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, O‘zbekiston fuqarosi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga ishga olingan va Ukrainaga kelib, jangovar harakatlarda faol qatnashgan.

O‘zbekiston Oliy sudi uning bo‘linmasi aynan qayerda joylashganiga aniqlik kiritmadi, biroq urushda qatnashgan olti oy davomida 10 800 dollar ishlab topgan va “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan. Shuningdek, tayinlangan qamoq jazosining qolgan qismidan ozod qilingan.

O‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan, keyinchalik shu yerda hibsga olinib, yollanishda ayblangan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasida besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish muddati ko‘zda tutilgan, biroq Ohangaron sudi yengilroq jazo tayinlagan. Sud hukm chiqarishda qanday yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgani ko‘rsatilmagan.