Dushanbe markaziy masjidi oldida Tojikiston muftiysiga pichoq bilan hujum uyushtirildi.
Aytilishicha, Said Mukarram Abdul Qodirzoda yengil tan jarohati olgan, jinoyatchi zudlik bilan qo‘lga olingan. Bu haqda Asia Plus nashri xabar berdi.
Kecha, 11-sentabr kuni kechqurun, asr namozidan keyin noma’lum shaxs Dushanbedagi markaziy masjid oldida Tojikiston ulamosi rahbari Saidmukarram Abdulqodirzodaga hujum qildi.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot markazi xabariga ko‘ra, bezorilardan biri Tojikiston muftiysi Abdul Qodirzoda Saidmukarramning tanasiga pichoq bilan hujum qilib, jamoat tartibini buzgan.
“Abdulqodirzoda yengil tan jarohati olib, shifokorlar ko‘rigidan so‘ng yashash joyiga jo‘natildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Aytilishicha, jinoyatchi ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida zudlik bilan qo‘lga olingan, ammo uning shaxsi oshkor etilmagan.
Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va dastlabki tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Said Mukarram Abdul Qodirzodaning o‘zi Ozodi radiosiga bergan qisqa intervyusida xavotirga o‘rin yo‘qligi, sog‘ligi yaxshi ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, Saidmukarram Abdulg‘adirzoda 61 yoshda bo‘lib, 2010-yil oktabr oyidan buyon Tojikiston Ulamolar kengashi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!