Jahon

Isroil va «Hizbulloh» oʻrtasida keng koʻlamli harbiy harakatlar boshlandi

Isroil va «Hizbulloh» oʻrtasida keng koʻlamli harbiy harakatlar boshlandi
Qayd etilishicha, sionistlarning qiruvchi samolyotlari Bayrut osmonida uchmoqda. Livanning «Hizbulloh» harakati ham javob tariqasida ishgʻol hududi tomon raketalar uchirmoqda.
Isroilning hujumi shia harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh peyjerlar va ratsiyalarning portlatilishiga javoban terrorchilarga javob qaytarish bilan tahdid qilayotgan vaqtda boshlangan. Bu paytda Isroil harbiy havo kuchlari «Hizbulloh»ning Livan janubidagi pozitsiyalariga zarbalar bergan.
Shuningdek, Isroil ishgʻoli ostidagi Gʻarbiy Jalilada ham Livandan tushgan raketalar va dronlar tufayli elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilyapti. Oʻz navbatida, Isroil qiruvchi samolyotlari Bayrut shahri va uning janubiy chekkalari ustidan uchib oʻtib, juda past balandlikda bombardimon missiyalarini amalga oshirmoqda.
Mahalliy Livan matbuoti «Hizbulloh»ning Margaliot shahriga bergan zarbasi natijasida 2 nafar isroillik askar halok boʻlganini va 16 nafari yaralanganini xabar qildi. Tel-Aviv ushbu yoʻqotishlarni tan olmayapti. Shunga qaramay Isroil OAVlari yaralangan isroillik askarlarni evakuatsiya qilish tasvirlarini chop etmoqda.
Avvalroq, Isroil armiyasi bosh shtabi boshligʻi Gerzi Halevi X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasi orqali Livan bilan shimoliy chegaradagi urush rejalari tasdiqlanganini ma’lum qilgandi.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant mamlakat «urushning yangi bosqichini ochayotgani» va «resurslar va kuchlar yoʻnaltirilishi tufayli ogʻirlik markazi shimolga siljishi»ni aytgandi.
«Hizbulloh» harakati yetakchisi esa Isroil tomonidan Livandagi peyjerlarning portlatilishi «oshkora terrorizm, harbiy jinoyat yoki eng kamida urush e’lon qilish», ekanini bildirgan.