27-dekabr kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishiga start berildi. Marosimda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Xitoy taraqqiyot va islohotlar milliy komissiyasi raisi Chjyen Shanji hamda boshqa rasmiylar qatnashdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘iziston, O‘zbekistonga, keyin Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlariga, jumladan Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi.
«Loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning xalqaro transport-tranzit hab sifatida raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi, bu Markaziy Osiyo mamlakatlari maqsadlariga mos keladi», — dedi Sadir Japarov.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham marosim ishtirokchilariga murojaat yo‘llab, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» yangi magistral temiryo‘li qurilishi boshlanishi barchani tabrikladi.
«Bu do‘st mamlakatlarimiz salkam 30 yil davomida intilib kelgan tom ma’nodagi tarixiy voqeadir. Sizlarning ishtirokingizda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi transport arteriyasi yaratilmoqda. U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa yerusti yo‘li orqali bog‘laydi, davlatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi», — degan O‘zbekiston prezidenti.
Ma’lum qilinishicha, Koshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik, 25 ta tunnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Kelgusida ushbu temiryo‘l liniyasi Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.
O‘zbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni to‘liq ishga solgan holda, ushbu qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!