O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi vatandoshlarni firibgarlarning yolg‘on ish takliflariga aldanmaslikka chaqirmoqda.
So‘nggi vaqtlarda ayrim shaxslar O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyada yuqori maoshli ish taklif qilib, ularni aldash holatlari ko‘paygan. Ishga joylashish, uy-joy va hujjat rasmiylashtirish bo‘yicha va‘dalar berilib, fuqarolar og‘ir ahvolga solinmoqda.
Bosh konsulxona noqonuniy ish oqibatida quyidagi muammolarga duch kelish mumkinligini eslatadi:
– Va‘da qilinganidan kam maosh yoki umuman to‘lanmasligi
– Ish sharoitlarining yomon bo‘lishi
– Ish beruvchi tomonidan ekspluatatsiya va haqorat
– Noqonuniy mehnat tufayli deportatsiya va jarimalar
– Pul olingach, vositachilarning g‘oyib bo‘lishi
Konsulxona ma‘lumotiga ko‘ra, firibgarlar va jabrlangan fuqarolar o‘rtasida hech qanday rasmiy hujjat bo‘lmaganligi sababli, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish qiyinlashmoqda.
Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Turkiyada ishlash uchun chet ellik fuqarolar maxsus ruxsatnoma – Çalışma İzniga ega bo‘lishlari shart.
Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini faqat rasmiy agentliklarga murojaat qilishga va noqonuniy mehnat faoliyatidan tiyilishga chaqiradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!