Jahon

Erdo‘g‘on Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi

Erdo‘g‘on Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi

Prezident Sadir Japarov turkiyalik hamkasbi bilan 5-noyabr kuni ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Qirg‘iziston rahbari mamlakatning Turkiya oldidagi tashqi qarzi hisobdan chiqarilganini aytdi.

“Men prezident Erdo‘g‘onga Qirg‘izistonning Turkiya oldidagi tashqi qarzini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman”, dedi Sadir Japarov.

Turkiya “yashil” iqtisodiyot loyihalari evaziga Qirg‘izistonning 58,9 mln dollarlik tashqi qarzidan kechgan. Avvalroq Germaniya “yashil” tashabbuslarni amalga oshirish evaziga 14 million dollarlik tashqi qarzni hisobdan chiqargandi.

2023-yil Japarov mamlakatlarni va xalqaro moliya tashkilotlarini respublikaning qarzidan kechib, u yerda energetika obyektlarini qurishni boshlashga chaqirgandi.

“Qirg‘iziston qarz olgan mamlakatlar va moliyaviy institutlar respublikada energetika obyektlari va GESlar qurilishida ishtirok etsa bo‘lardi. Biz ushbu yashil iqtisodiyot obyektlarining tasmalarini birgalikda kesamiz. Biz Qirg‘izistonda yashil loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz, buning evaziga siz tashqi qarzlarimizdan kechasiz”, degan edi u.

Qirg‘iziston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning davlat qarzi qariyb 6 milliard dollarni tashkil etadi, shundan 4,5 milliard dollari tashqi qarz, 1,5 milliard dollari esa ichki qarzdir.