Aksariyat bolalar yolg‘iz, ota-onalari yoki oilalaridan ajralgan holda yo‘lga chiqqan bo‘lib, yaqinlashib kelayotgan qish, zo‘ravonlik, oziq-ovqat tanqisligi va kasallik xavfi ostida qolmoqdalar.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Livandan Suriyaga ko‘chib o‘tayotganlarning 70 foizi suriyaliklar, qolganlari livanliklar yoki boshqa millat fuqarolaridir. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 60 foiz bolalar va o‘smirlar tibbiy yordam, boshpana, oziq-ovqat va suvga juda muhtoj.
Isroil Livan janubi va Bayrutni bombardimon qila boshlaganidan beri Livanda kamida 1,2 million kishi, yaʼni umumiy aholining beshdan bir qismi boshqa joyga ko‘chirildi, shuningdek, 13 yil muqaddam o‘z mamlakatlarida sodir bo‘lgan mojarolardan qochib, Livanda boshpana topgan 1,5 million suriyalik qochqinlar ham.
Eng yomoni, ko‘chirilgan bolalar va ularning oilalari 13 yil davom etgan mojarolar, undan keyingi gumanitar va iqtisodiy inqirozlar, shuningdek, bir yil avval sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan zarar ko‘rgan, aholining 38 foizi jabrlangan mamlakatga kelishmoqda.
Ayni paytda Suriyaning o‘zida qariyb 16,7 million kishi yordamga muhtoj. Bu aholining 72 foizdan ortig‘i va 2011-yilda inqiroz boshlanganidan beri eng yuqori darajadaligini bildiradi. Yordamga muhtojlarning taxminan 45 foizi bolalardir.
Save the Children Suriya tashkiloti direktori Rasha Muhrezning taʼkidlashicha, Livandan Suriyaga kelgan bu bolalar va oilalarning ko‘pchiligi bir necha yil oldin qarama-qarshi yo‘nalishda xuddi shunday safarni amalga oshirgan. Suriyada esa aksiga olib gumanitar vaziyat og‘ir, oziq-ovqat narxi o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki baravar oshdi va eng kam ish haqi asosiy oziq-ovqat savatining atigi 16 foizini qoplaydi.
“Ayni paytda Suriyada o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan qiynalayotgan yarim million bola hayotini saqlab qolish uchun yegulik va davolanishga muhtoj”, – dedi u.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!