Jahon

Qirg‘iziston ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish taqiqlanishi mumkin

Qirg‘iziston ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish taqiqlanishi mumkin

Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Mazkur chora-tadbirlar o‘quv jarayonining tinch va xavfsiz o‘tishini ta’minlash, o‘quvchilar salomatligi, ularning ijtimoiy-psixologik barkamolligini muhofaza qilish, mobil qurilmalar bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga qaratilgan.

Ishlab chiqilgan tartib-qoidaga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirishda har bir o‘quvchi, xodim, tashrif buyuruvchi va boshqa shaxslar telefonlarini sukut rejimiga o‘tkazishlari shart. Maktab o‘quvchilari va talabalar mobil qurilmalarini o‘chirib, sinfda yoki auditoriyada o‘rnatilgan qutilarga qo‘yishlari zarur.

O‘quvchilarga tabiiy ofatlar, inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid tug‘ilganda, yaqin qarindoshlarining sog‘lig‘i bilan bog‘liq xabarlar olayotganda, tanaffus vaqtida, shuningdek, darslarda mobil qurilmalardan foydalanish zarurati tug‘ilganda tegishli buyruq bilan tasdiqlangan reja doirasida mobil qurilmalardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Ta’lim muassasalarida telefonlarni quvvatlantirish, videoga olish, mobil qurilmalarni bo‘yniga osib qo‘yish, cho‘ntakda saqlash taqiqlanadi. Telefondan zo‘ravonlik, shafqatsizlik va pornografiyani targ‘ib qiluvchi yoki ta’lim muassasasi imidjiga putur yetkazuvchi video va suratlarni boshqalarga ko‘rsatish uchun foydalanish mumkin emas, shu jumladan zo‘ravonlik va buzg‘unchilik sahnalarini suratga olish va keyinchalik boshqalarga ko‘rsatish ham.

Pedagogik xodimlarga taʼlim jarayonida telefonlardan foydalanish (agar zarurat bo‘lmasa) va darsdan tashqari vaqtlarida o‘quvchilar oldida telefon ishlatishni maksimal darajada cheklash majburiyati yuklanadi.

Yurtimizda maktablarda mobil telefondan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomi asosida tartibga solinadi.

Maktabga kirib kelishda har bir o‘quvchi, xodim va boshqa shaxslar o‘z telefoni ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi (telefonni «ovozsiz» rejimga o‘tkazishi) shart. Shuningdek, dars mashg‘ulotlaridan oldin telefonni o‘chirib qo‘yish talab etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”da ham o‘quvchilarning maktab hududida telefondan foydalanmasliklari bilan bog‘liq talablar belgilangan.

Qator xorijiy davlatlarda, jumladan, Avstraliya, Fransiya, Chexiya, Ispaniya, Bangladesh kabi davlatlarda maktab o‘quvchilari dars paytida mobil qurilmalaridan foydalanishga cheklovlar o‘rnatilgan.

Belgiya va Buyuk Britaniyada mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash masalasi har bir maktabning kuzatuv va vasiylik kengashlari qarori asosida qabul qilinadi.

Ta’lim olish jarayoniga salbiy ta’siri bois Janubiy Koreya maktablarida mobil aloqa vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlangan.

London Iqtisodiyot maktabi tadqiqotiga ko‘ra, smartfonlar taqiqlangan maktablarda test natijalari ko‘rsatkichlari 6 foizga yaxshilangan.